O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Farmonga muvofiq Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

xorijiy olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislar, shu jumladan, vatandoshlarni ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etish;

ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida ishlayotgan vatandoshlar orasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish;

ham O‘zbekiston, ham xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, vatandosh kadrlarni xorijda tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.

Jamg‘arma xodimlariga direktor qaroriga asosan lavozim maoshlarining 100 foizigacha miqdorida oylik ustama belgilanishi mumkin.

Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magida xorijda magistratura va doktorantura dasturlari asosida ta’lim olgan, malaka oshirgan, stajirovka o‘tagan stipendiatlar zimmasiga oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy muassasada, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Stipendiat uzrsiz sabablarga ko‘ra xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarning talabalari safidan chiqarilganda, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim tugagandan so‘ng O‘zbekiston hududida, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi va ilmiy muassasada, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida mehnat faoliyatini davom ettirishdan bosh tortganda Jamg‘arma tomonidan stipendiatni o‘qitishga sarflangan barcha moliyaviy xarajatlar stipendiat tomonidan qoplab beriladi.