«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan poytaxt aeroportida bir qator bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan, Bokuga parvozi oldidan fuqar T.U.ning bezovtalanishi bejiz emas ekan. Shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda ushbu shaxs oyog‘idagi paypog‘i ichiga 1280 AQSH dollarini yashirgan holda olib chiqib ketmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

«Nyu York — Toshkent» reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro D.X.esa bojsiz olib kirish me’yorlariga zid ravishda, ruxsat etilgan 2 litr hajmda emas, balki qiymati 2,4 mln. so‘mdan ortiq 7,25 litr hajmdagi 7 shisha alkogolli ichimliklarni olib kirayotgan paytida to‘xtatib qolindi.

Shuningdek, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti bojxonachilari «Toshkent-Ostona» reysi yo‘lovchilari orasidagi numizmatika «ishqibozi"ni «kashf» qilishdi.

Fuqaro O.A. bojxona nazoratidan o‘tishi vaqtida unga tegishli bo‘lgan sumkasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ichida bojxona nazoratiga taqdim etilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan, olib chiqilishi taqiqlangan, jami 25 dona tarixiy ahamiyat kasb etuvchi tangalar borligi aniqlandi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.