25 sentyabr kuni Toshkentdagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tgan «Davlat xaridlari va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish» mavzusidagi seminarda «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinganidan so‘ng kuzatilgan o‘zgarishlar natijalari ilk bor tilga olindi. Tadbir O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) ishtirokida Jahon banki tomonidan tashkil etildi.

Qonun 2018 yilning aprelida kuchga kirib, oradan qariyb olti oy o‘tganidan so‘ng o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi, dedi LBMA Qonunchilikni uyg‘unlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Anna Palvanova.

«Bu nafaqat davlat xaridlari sohasidagi harakatlar shaffofligini oshiradi, balki davlat byudjetidan xaridlarni katta miqdorda — 8,7 foizdan 17,6 foizgacha iqtisod qilishga ham xizmat qiladi. Faqatgina uch oy davomida 113,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘lar iqtisod qilindi, bu pullar soliq to‘lovchilarnikidir», — dedi u.

Agentlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, byudjetlashtirish davrida barcha davlat xaridlari sub’ektlari kelgusi yil uchun xaridlarni rejalashtirishga, shuningdek davlat xaridchilarini o‘qitish asosiy urg‘u qaratishlari lozim, chunki bu maxsus tayyorgarlik talab qiluvchi yangi kasb.

2019 yil 1 martdan davlat xaridlari sohasida mutaxassislarni majburiy sertifikatlash tartiblari joriy etiladi. Biznes va boshqaruv oliy maktabida «Davlat xaridlarini boshqarish» bepul kurslari tashkil etiladi.