O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tashkil etildi.

Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazini qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etiladi. U Xorijda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovkasi va o‘qishini tashkil etish bo‘yicha «Iste’dod» jamg‘armasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan, xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

Quyidagilar Jamg‘armaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • xorijdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot, ta’lim va tibbiyot muassasalarida, iqtisodiyotning boshqa istiqbolli tarmoqlarida, ayniqsa, eng yangi materiallar va innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarish va qo‘llash sohalarida ishlayotgan, qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarimiz bilan aloqalar o‘rnatish;
  • davlat organlarining kadrlar bo‘yicha xizmatlari tomonidan foydalanilishi va onlayn tarzda izlash amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan jahon mamlakatlari va mutaxassisliklar bo‘yicha kataloglashtirilgan qimmatli ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlarning elektron reyestri (ma’lumotlar bazasi)ni yaratish va yuritish;
  • xorijiy olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislar, shu jumladan, vatandoshlarni ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga, ayniqsa, yangi, istiqbolli tarmoqlarga jalb etish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, dolzarb muammolarini hal etish, ularning salohiyatidan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish va tadbirlarni amalga oshirish;
  • ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohalarida ishlayotgan vatandoshlar orasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirish, mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani rivojlantirish masalalari bo‘yicha ularning g‘oya va fikrlarini to‘plash, umumlashtirish va tegishli tashkilotlarga yetkazish, shuningdek, to‘plangan materiallarni tayyorlash va tarqatishning samarali tizimini yaratish;
  • xorijda O‘zbekistonning ijobiy imidjini shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashda, shuningdek, rivojlangan mamlakatlarning nufuzli ta’lim va ilmiy markazlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni rivojlantirishda vatandoshlar salohiyatidan faol foydalanish;
  • rivojlangan mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy muassasalarida magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha tanlov o‘tkazish va tayyorgarlikni, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalarida istiqbolli mutaxassislar, shu jumladan, pedagoglar va ilmiy kadrlar uchun malaka oshirishni va stajirovkadan o‘tishni tashkil etish;
  • nufuzli xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda istiqbolli mutaxassislarni o‘qitishni monitoring qilish, ularning O‘zbekistonda munosib ishga joylashishiga ko‘maklashish, ushbu mutaxassislarning mehnat faoliyatini monitoring qilish, ularning kasbiy jihatdan o‘sishiga va mansab pillapoyalarida ko‘tarilishiga ko‘maklashish;
  • ham mamlakatimiz, ham xorijiy ekspertlarning, shu jumladan, vatandoshlarimizning O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning borishiga oid tahliliy materiallari chop etiladigan jurnallar, ilmiy to‘plamlarni tayyorlash va keng tarqatish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda ishlar holatini monitoring qilish hamda kadrlarni xorijda tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb etish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi sohalarida xalqaro tashkilotlar, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularni hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish.

Jamg‘armaning moliyaviy ko‘magida xorijda magistratura yoki doktorantura dasturlari asosida ta’lim olgan, malaka oshirgan, stajirovka o‘tagan stipendiatlar ular bilan tuzilgan shartnomada belgilangan muddat davomida ishlab berishlari shart. Ishlab berish oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy muassasada, shuningdek, vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarida amalga oshiriladi.

Jamg‘armaning moliyalashtirish manbalari belgilandi. Xususan, Davlat byudjetidan 2019 yilda stipendiatlarni xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarida o‘qitishni, ularning malakasini oshirishni va stajirovka o‘tashini tashkil etish, xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, vatandoshlarimizni respublikada mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha 45 mlrd so‘m ajratiladi.Keyinchalik bu summaga tegishli yildagi iste’mol narxlarining prognoz indeksiga teng koeffitsiyent qo‘llanadi.