Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida 12 ta sinov sudlarida sud majlislarini online.oliysud.uz sayti orqali onlayn translyatsiya qilish yo‘lga qo‘yildi, deya xabar qildi Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidov «Gazeta.uz"ga.

Yil so‘ngiga qadar tizimga yana 22 ta, 2019 yil davomida esa yana 100 dan ortiq sudlarni qo‘shish rejalashtirilmoqda.

«Mazkur qadam sud jarayonining ochiqligi va shaffofligini mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, shuningdek sudlar faoliyati samaradorligi va sifatini oshirishga qaratilgan», — dedi Aziz Obidov.

Majlislar videoyozuvlari arxivda saqlanadi va ularni sud ishi raqami bo‘yicha topish mumkin. Shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish uchun sud majlislari faqatgina tomonlarning roziligi bilan translyatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, 25 sentyabrdan O‘zbekiston Oliy sudining sud.uz, oliysud.uz va supcourt.uz manzillarida faoliyat olib boruvchi yangi interaktiv imkoniyatlari taqdimoti ham o‘tkazildi.

E-SUD tizimi orqali nafaqat sudga hujjatlarni elektron shaklda yuborish, balki ishning ko‘rib chiqish bosqichlarini kuzatib borish va sud qarorlarining elektron nusxalarini olish ham mumkin.

Saytga o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilishga oid 500 ga yaqin namunalar joylashtirildi.

Shuningdek, Oliy sud rasmiy internet manbasida shaxsiy hayot daxlsizligini himoya qilish uchun tomonlar roziligi bilan sud qarorlari e’lon qilinishi mumkin.

Saytning yangilangan talqini Oliy sud, AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) hamda BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida hamkorlik» qo‘shma dasturi doirasida ishlab chiqildi.