Bugungi kunda Toshkent shahrida mol-mulk va yer solig‘i to‘lanishi lozim bo‘lgan 629 mingdan ortiq ob’ekt mavjud bo‘lib, ularning 606,5 mingdan ziyodi to‘lovlarni amalga oshirgan. Bu haqda Toshkent Davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

DSBning eslatib o‘tishicha, fuqarolar soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni bankka bormasdan «CLICK», «U-PAY» va «PayMe» to‘lov tizimlari yordamida mobil telefon yoki internet orqali onlayn rejimda to‘lash imkoniyatiga ega. Ushbu to‘lov tizimlaridan foydalanib, amalga oshirilgan to‘lovlar uchun qo‘shimcha haq olinmaydi.

Mol-mulk va yer soliqlari har yilning 15 oktyabriga qadar to‘lanishi lozim.

O‘zbekiston Soliq kodeksining 272- va 287- moddalariga asosan, egaligida soliq solinadigan mol-mulki va yer uchastkalari bo‘lgan jismoniy shaxslar hamda dehqon xo‘jaliklari jismoniy shaxslarning mol-mulk va yer soliqlari to‘lovchilari hisoblanadi.