Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati xodimlari fuqaro A.Yuldashev MIB Yangiyo‘l tuman bo‘limi tezkor sho‘’basi inspektori J.Aslonovning xizmat xonasida unga pora bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

400 AQSH dollari miqdoridagi pora umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga noqonuniy ulanib, 16 sotix yer maydonida issiqxona qurganligi holati yuzasidan tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmaslik evaziga berilishi lozim edi.

Departamentning Sayxunobod tuman bo‘limi inspektori A.R.ning bildirgisiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa tuman DSENM bosh shifokori B.D. DSENM faoliyati bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishda aniqlangan kamchiliklarni dalolatnomada ko‘rsatmaslik evaziga bo‘lim inspektori A.R.ga 200 AQSH dollarini pora sifatida A.R.ning xizmat xonasida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.Mirzaxolov MIB Andijon viloyat boshqarmasi tezkor sho‘’basi katta inspektori I.Mashrapovga YATT Sh. Usmonovaga tegishli bo‘lgan muzqaymoq saqlovchi korxonaga o‘rnatilgan elektr hisoblagichni Toshkent shahrida joylashgan «ASIA ENERGOMERA» MCHJga laboratoriya tekshiruviga yubormaslik hamda hisoblagichga ta’sir ko‘rsatganlik holati bo‘yicha xulosa olmaslik evaziga 300 AQSH dollari pora bergan vaqtida ushlangan.

Bosh prokuratura va Namangan viloyat prokuraturasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Namangandonmahsulotlari» AJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha «Hamkor qurilish servis» MCHJ rahbari E.Mamadjanov aniqlangan 12,3 mln. so‘m zararni yopib berish hamda jinoyat ishi bo‘yicha unga nisbatan qismini tugatish evaziga Namangan viloyat prokuraturasi tergovchisi X.Umirzaqovga 300 AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hazorasp tuman prokurorining katta yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchi A.Po‘latov viloyat prokurori nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, unda Xazorasp tumanidagi «Davlatyorov Yo‘ldosh Bekturdi» fermer xo‘jaligi faoliyatida qonun buzilishi holatlari aniqlanganligi sababli fermer xo‘jaligining norasmiy rahbari Y.Bekturdiyev ushbu holatni uning foydasiga hal qilib berish evaziga 3000 AQSH dollari taklif qilganligini bildirgan.

Ushbu bildirgi asosida Xorazm viloyat prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Y.Bekturdiyev A.Po‘latovga uning xizmat xonasida 2000 AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Har bir holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 211 moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.