O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida vazir Baxtiyor Sayfullayev boshchiligida yig‘ilish o‘tkazildi. Madaniy-ma’rifiy muassasalar rahbar xodimlari ishtirokidagi tadbirda hududlarimizdagi madaniy yodgorliklar va ob’ektlarni muhofaza qilish ishlari muhokama qilindi, deya xabar berdi O‘zA.

Tahlillarga ko‘ra, davlat muhofazasiga olingan ob’ektlarning 25 foizidagina muhofaza belgilari — yorliqlar bor. 5585 tasida esa bunday maxsus belgilar yo‘q. Aksariyat madaniy ob’ektlarning haligacha kadastr hujjati qilinmagan. Ularning ko‘pi mahalliy hokimliklar tomonidan tadbirkorlarga olib berilgan yoki boshqa maqsadlarda sotib yuborilgan. Qarovsiz yotgan bunday hududlar hatto mahalliy aholi tomonidan o‘zlashtirilib, chorva mollari boqiladigan hudud yoki ekin maydoniga aylantirilgan. Obodonlashtirilgan juda ko‘plab bunday yodgorliklarning restavratsiyasi yollanma ishchilar — «mardikorlar» tomonidan amalga oshirilishi natijasida asl holaticha saqlanishiga putur yetgan. 300 ga yaqin ob’ekt jiddiy shikastlangan.

Jumladan, Toshkent viloyatidagi madaniy meros ob’ektlarining 0,1 foizi ya’ni atigi 1 tasigina kadastr qilingan. 721 ta ob’ekt esa bunday hujjatga ega emas. Sirdaryo viloyatidagi ana shunday 67 ob’ektdan 3 tasining kadastri bor.

Yig‘ilishda keltirilgan bu kabi salbiy holatlar, aniqrog‘i muammolarning urchib ketishiga rahbar kadrlarning mas’uliyatsizligi bilan birga, bu lavozimlarni mutaxassis bo‘lmagan kadrlarning egallab turgani sabablardan biri qilib ko‘rsatildi.

Hududiy inspeksiya rahbarlaridan mutaxassisligi so‘ralganda, ularning boshqa kasb egalari ekanligi ma’lum bo‘ldi. Hattoki, tizimda ikkita boshqa-boshqa hududlar uchun rahbarlik qilayotgan kadrlar borligi ham ma’lum bo‘ldi.

Vazir o‘z so‘zida zudlik bilan mazkur holatlarga barham berilishini ta’kidladi.