Shavkat Mirziyoyev «Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va ularning aylanishini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Qarorga muvofiq, dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari O‘zbekistonda tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi, deya xabar berilmoqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali.

2018 yil 1 noyabrdan boshlab:

dori vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi guvohnomasini (uning dublikatini) berish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

davlat tashkilotlari davlat xizmatlarini ko‘rsatishda dori vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ko‘chirmani tegishli reyestrdan mustaqil ravishda elektron shaklda oladi.

Dorixonalar va uning filiallariga «angro» mahsuloti — yirik qadoqda ishlab chiqariladigan va sotiladigan, shuningdek, keyinchalik tayyor dori vositalarini ishlab chiqarish (tayyorlash) uchun ishlatiladigan dori vositalarini sotish huquqi berildi.

Bunda «angro» mahsuloti maxsus uskunadan foydalangan holda dorixona sharoitida qadoqlangan, o‘ralgan va markirovka qilingan bo‘lishi kerak.

Tibbiyot muassasalari, shu jumladan davlat tibbiyot muassasalariga «angro» mahsulotini dori vositalarini saqlash va tarqatish tartibiga rioya qilgan holda sotib olishga ruxsat etiladi.

Dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish natijalari O‘zbekiston Respublikasida tan olinadigan mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar ro‘yxati quyida keltirilgan:


I. Mamlakatlar

1. Avstraliya Ittifoqi

2. Belgiya Qirolligi

3. Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi

4. Germaniya Federativ Respublikasi

5. Daniya Qirolligi

6. Isroil Davlati

7. Irlandiya Respublikasi

8. Ispaniya Respublikasi

9. Italiya Respublikasi

10. Kanada

11. Koreya Respublikasi

12. Niderlandlar Qirolligi

13. Norvegiya Qirolligi

14. Sloveniya Respublikasi

15. Amerika Qo‘shma Shtatlari

16. Finlyandiya Respublikasi

17. Fransiya Respublikasi

18. Shveysariya Konfederatsiyasi

19. Shvetsiya Qirolligi

20. Yaponiya


II. Xalqaro tashkilotlar

1. Yevropa dori vositalari agentligi (YeMA)