2016 yilda spirtli ichimliklarni me’yoridan ortiq ichish oqibatidan 3 milliondan ortiq kishi vafot etdi — har yigirmanchi o‘lim alkogol bilan bog‘liq, deyiladi 21 sentyabrda e’lon qilingan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida.

Mazkur o‘lim holatlarining to‘rtdan uch qismdan ziyodrog‘i erkaklar o‘rtasida sodir bo‘ladi. Umuman olganda, dunyoda kasalliklarning 5 foizdan ziyodrog‘i alkogol mahsulotlarini me’yoridan ortishi natijasida vujudga kelmoqda.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 28 foiz holatda o‘lim mast holatda yo‘l-transport hodisasiga uchrash, o‘ziga tan jarohatini yetkazish va shaxslar o‘rtasidagi zo‘ravonliklar, 21 foizi — ovqat hazm qilishning buzilishi, 19 foizi — yurak-qon tomir kasalliklari va qolganlari — infeksion, saraton kasalliklar, ruhiy kasalliklar va salomatlikning boshqa buzilishlari oqibati hisoblanadi.

Ayni vaqtda 2,3 mlrd kishi spirtli ichimliklarni iste’mol qiladi, ularning 27 foizi — 15−19 yoshdagi yigit-qizlar. JSST mutaxassislari prognoziga ko‘ra, yaqin 10 yilda aholi jon boshiga alkogol iste’mol qilish ko‘rsatkichi ayniqsa Janubiy-Sharqiy Osiyo, Tinch okeanining G‘arbiy qismi va Amerika mamlakatlari hisobiga ortadi.