O‘zbekiston grezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Binali Yildirimni qabul qildi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbatda oliy darajadagi uchrashuvlar yakunida erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan bitimlarni amalga oshirish, shuningdek, hamkorlikka oid qo‘shma dastur va loyihalarning parlamentlar vakillari tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi qayd etildi.

Binali Yildirim prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Mehmon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuksak baholab, Turkiya mamlakatimiz iqtisodiyoti va ijtimoiy sohasini modernizatsiya qilishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Konstruktiv muloqot davomida tomonlarning an’anaviy do‘stlik munosabatlari va uzoq muddatli strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilishi qat’iy ekani qayd etildi.

Joriy yil boshidan buyon 230 dan ortiq O‘zbekiston — Turkiya qo‘shma korxonasi tashkil etilgani Turkiya ishbilarmonlarining O‘zbekistonda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi shu davrda 40 foizdan ziyodga oshdi.

Siyosiy muloqot faol rivojlanmoqda. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari bilan hamkorlikda savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilma, transport, turizm, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda investitsiya dasturlari va loyihalari amalga oshirilmoqda.

Madaniy-gumanitar, jumladan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

Ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish va mustahkamlashda parlamentlararo aloqalar muhim o‘rin tutadi. Mamlakatlarimiz qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida faol muloqot kuzatilmoqda.

O‘zbekiston Oliy Majlisi va Turkiya Buyuk millat majlisida do‘stlik guruhlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha memorandum va «Yo‘l xarita"si qabul qilingan.