1 oktyabr kuni 16:00 Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida otliqlar paradi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda ingliz, nemis, qirg‘iz, qorabayir va friz zotlariga mansub 100 dan ortiq ot ishtirok etadi, deya xabar qildi Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi «Gazeta.uz"ga.Paradda ot sporti bilan shug‘ullanuvchi sportchilar, O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Patrul-post xizmati va jamoatchilik tartibini saqlash bosh boshqarmasi hamda Milliy gvardiya faxriy qorovul kavaleriya eskadroni bataloni otliqlari ishtirok etadi.

«Otliqlar marshi 1 oktyabr kuni bizning aziz va sevimli o‘qituvchi va murabbiylarimiz bayrami munosabati bilan o‘tkaziladi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston tarixida ilk otliqlar paradi 8 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. O‘shanda turli zotga mansub 80 dan ortiq ot poytaxt ko‘chalari bo‘ylab o‘tgan edi.