21 sentyabr kuni «Adliya axboroti» nomli brifing tashkil etildi. An’anaga muvofiq, brifing matbuot anjumaniga ulanib ketdi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda davlat notarial idoralari notariuslari faoliyatini baholash maqsadida respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan notariuslarning 2018 yil 1-yarim yillik davomidagi ish faoliyati tahlil qilinib, ularning reytingi tuzilgani ma’lum qilindi.

Aholidan notariuslar faoliyati bilan bog‘liq tushayotgan shikoyatlarni o‘rganish asnosida o‘tkazilgan o‘rganishlarda ko‘p hollarda keltirilayotgan vajlar o‘z tasdig‘ini topayotgani, natijada 27 nafar notariusga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanilgani aytildi.

Shu bilan birga, notariuslar faoliyati sifatini baholashda qonuniylik, beg‘arazlik, xolislik, adolatlilik va shaffoflik prinsiplariga asoslanilgani, sifatni baholashda notarius tomonidan rasmiylashtirilgan notarial harakatlar soni va sifati, aholiga xizmat ko‘rsatishda qulaylik va tezkorlik ta’minlanganligi, faoliyatidagi yutuqlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘lami, kasbiy vazifalarini bajarish darajasi hamda sohani rivojlantirishdagi faolligi hisobga olinganligi aytildi.

Respublika bo‘yicha 651 nafar notariusdan 28 nafarining ish faoliyati «a’lo», 268 nafariniki «yaxshi», 278 nafariniki «qoniqarli» va 77 nafariniki esa «qoniqarsiz» deb baholangani ma’lum qilindi.