O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlenni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli O‘zbekiston — Amerika Qo‘shma Shtatlari aloqalarini izchil rivojlantirish va mustahkamlashga AQSH elchisi shaxsan salmoqli hissa qo‘shganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotlar va O‘zbekiston prezidentining joriy yil may oyida Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifining samarali natijalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining yangi davri uchun mustahkam zamin yaratdi.

Tomonlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yildi. Parlamentlararo almashuvlar faollashdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik kengaymoqda. Fan, ta’lim va madaniyat sohalarida, shuningdek, hududlararo hamkorlik rivojlanmoqda.

AQSH elchisi davlat rahbariga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratishi hamda mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga intilishi qat’iy ekanini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi uchun AQSHning Favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlandi.