Jizzax viloyatida paxtani noqonuniy ravishda qo‘lga kiritgan uch nafar fuqaro qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi Saroylik mahallasida yashovchi Shokirjon To‘ychiyevning olisroq hududlarda paxta terayotganlarga sovun, kir yuvish kukuni kabi ro‘zg‘orga zarur narsalarni yetkazib berish bahonasida dala aylanishi odamlarda shubha uyg‘otgan. Ichki ishlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruv davomida u olib borgan narsalarni terilgan paxtaga almashtirayotgani aniqlandi. Uning xonadonidan 149 kilogramm paxta topildi.

Shu mahallada yashovchi Dilshod Karimov esa xonadonida paxtani qayta ishlashni, ya’ni, qo‘lbola uskuna yordamida paxtadan chigitni ajratuvchi «tadbirkorlik"ni yo‘lga qo‘yganligi aniqlandi. Uning xonadonidan 385 kilogramm paxta, 58 kilogramm chigit hamda 38 kilogramm paxta tolasi topildi. Aniqlanishicha, u xomashyoni tumandagi «Zarafshon» suv iste’molchilar uyushmasi «Shoirabegim gullari» fermer xo‘jaligi dalalaridan yashirincha terib olgan, ya’ni o‘g‘rilik qilgan.

Zafarobod tumani hududida ichki ishlar xodimlari tomonidan to‘xtatilgan «Niva» rusumli avtomashinada Paxtakor tumani, Bog‘ishamol qishlog‘ida yashovchi Sanjar Hayitboyev 210 kilogramm paxta olib ketayotgani aniqlandi. Uning aytishicha, paxtani Zomin tumanidagi «Pishog‘ar» bozorida notanish odamdan har kilosini 8 ming so‘mdan sotib olgan ekan.

Viloyat IIB axborot multimedia guruhi ayni vaqtda har uchala holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilayotganligini xabar berdi.