«O‘zavtosanoat» kompaniyasi boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida «shapka» va navbatlarga qarshi kurash, shuningdek yengil avtomobillar sotish sohasida korrupsiyaning ildizini quritish haqida so‘zlab berdi.

Avvalroq u GM Uzbekistan mashina sotib olish uchun tuzilayotgan shartnomalar hajmi oldingi oylarga qaraganda 6,6 barobarga oshgani haqida ma’lum qilgan edi.

«Bizning bozorda talab taklifdan juda ortiq. Agar aholining avtomobillarga egalik darajasini hisoblasak, 1000 kishiga 70 ta avtomobil to‘g‘ri keladi. Qo‘shni Qozog‘istonda bu ko‘rsatkich 217 tani tashkil etadi. Agar zavodlarimiz to‘liq quvvatda ishlasa va yiliga 300 mingta mashina sotsa, ularni ortda qoldirishimiz uchun 13 yil kerak bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich bozorimiz qanchalik «och qolgani"ni ko‘rsatadi», — dedi u.

Shavkat Umurzoqov avtomobillar taqchilligi sun’iy ravishda vujudga kelganini, bunga qasddan kerakli miqdordagi avtomobillar ishlab chiqarilmagani sabab bo‘lganini ta’kidladi.

«Avtomobil sotib olish uchun shartnomalarning kam miqdorda tuzilishi korrupsion tuzilmalar va boshqa sabablar bilan bog‘liq. Biz oylik ishlab chiqarish hajmini ikki marta — 26−27 mingtagacha oshirdik, bu avvalgi oylarga qaraganda 120 foizga ko‘p demakdir», — dedi u.

GM Uzbekistan dilerlari bilan ishlashda vaqtinchalik «qo‘lda boshqarish"ga o‘tildi, dedi Shavkat Umurzoqov.

«Har kuni ertalab biz ularga limit beramiz, shartnomalar yo‘qligi sabablarini so‘raymiz. Kim samarasiz ishlayotgan bo‘lsa, uning limitini kamaytiramiz va uni kim yaxshi sotayotgan bo‘lsa, o‘shalarga beramiz. Dilerlar mijozlar orqasidan quvishiga o‘rganib qolganga o‘xshaydi, ular biz ishlab chiqarish hajmini oshirayotganimizga ishonishmayapti. Mijozlar uchun ishlash kerak, hammasi shaffof bo‘lishi kerak», — dedi «O‘zavtosanoat» rahbari.

«O‘zavtosanoat"ning maxsus ishchi guruhi avtosalonlarni tekshirish vaqtida ariza berilmagan turib qolgan avtomobillarni avtobozorga chiqarilayotganini aniqladi.

«Uchta yoki to‘rtta avtosalonda bir kunda turib qolgan 100 ta mashina aniqlandi. Avtosalonlarda esa 80 taga yaqini turibdi. Dilerlarda mashina bor, navbat hosil qilinmoqda, ular shunchaki sotishmayapti. „Shapka“ kutishadi. Ariza yo‘q deyishadi. Shuning uchun biz, modomiki ular o‘z ishlarini eplay olmas ekan bu mashinalarni bozorga olib chiqib, ularni o‘sha yerda sotishga qaror qildik», — dedi u.

Yaqin vaqtlarda dilerlar bilan ishlash samaradorligini oshirish uchun mobil qurilmalarda ham ishlaydigan maxsus dastur ishga tushiriladi.

«Barcha jarayonlar nazorat ostida bo‘ladi, hech kimga navbatsiz mashina berishning imkoni bo‘lmaydi. Shartnoma tuzish uchun arizalar bo‘lmaydi, mijoz darhol shartnoma tuzadi. Har bir mashina xaridorga biriktiriladi va u o‘z avtomobilini qachon olishini aniq biladi. Mijozning o‘zi dilerni tanlay oladi va bu avtosalonlar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytiradi, dilerlar xaridorni jalb qilishga harakat qiladi», — izoh berdi kompaniya rahbari.

Shavkat Umurzoqov yangi tizim bilan faqatgina «sog‘lom dilerlar» qolishiga ishonch bildirdi. «Bizning avtodilerlar — avtodilerlar emas. Ular o‘z vazifalarini bajarmayapti. Bu yer avtomobillarni tarqatadigan joy. Ular GM Uzbekistan`ga nega kerak o‘zi? Ular mashinalarni ko‘rsatmaydi, test-drayvlar taqdim etmaydi, hech narsa qilmaydi. Bizning qarorimiz ularni o‘z ustida ishlashiga qaratilgan», — dedi u.

Soxta navbatlar haqida so‘zlar ekan, «O‘zavtosanoat» rahbari avval bir kunda o‘rtacha 30 ta soxta ariza aniqlangan bo‘lsa, hozir 1000 dan ortiq ekanini ma’lum qildi.

«Bir kishi 10−20 talab avtosalonda navbatga turgan holatlar ham uchrayapti. Navbat yaqinlashishi bilan u mijoz izlashni boshlaydi, ularning puli bilan mashinani sotib oladi va ishonchnoma bilan ularga sotadi. Bu odamlar dilerlar. Biz bunday odamlarni navbatlardan o‘chiramiz, natijada avtomobillarni yetkazib berish muddatlari qisqaradi va bizda haqiqiy navbatlar, haqiqiy mijozlar bo‘ladi», — dedi u.

2019 yilda kompaniya xaridor to‘lovni amalga oshirganidan so‘ng darhol mashinasiga ega bo‘lishi uchun navbatlarni yo‘qotishni maqsad qilgan. «2019 yilning ikkinchi yarmiga qadar bunday ajiotaj bo‘lmaydi. Ha, ayrim avtomobillarni xususiyatlari va talabgirligiga bog‘liq ravishda bir oz muddat bilan kechroq yetkazib berishga to‘g‘ri keladi, biroq bu vaqt chegarasi hozirgidek uzoq bo‘lmaydi», — deya ishonch bildirdi shavkat Umurzoqov.

Kompaniya sun’iy taqchillik, katta navbatlar va qimmat avtomobillarni keltirib chiqargan «shapkali tizim"ni yo‘qotmoqda, dedi u.

«Men uchun korrupsiya, bu — o‘zimiz yaratayotgan omillar. Korrupsiyalashgan sxemalar bor, to‘g‘ri ishlash uchun biz ularni yo‘q qilamiz. bu sun’iy taqchillik, ishlab chiqarish quvvatlaridan to‘liq foydalanmaslik, tan narxni oshirish. Shular sababli odamlar ikki-uch yil haydagan mashinasini salondagi mashinadan ko‘ra qimmatroqqa sota olishdi. Endi «shapka"lar bo‘lmaydi, biz buni siqib chiqaramiz», — deya ta’kidladi «O‘zavtosanoat» raisi.

Shavkat Umurzoqov qayerda qandaydir imtiyoz va preferensiyalar bo‘lsa, o‘sha yerda katta ehtimol bilan korrupsiya ham bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

«Imtiyozlar turlicha bo‘ladi. Dilerlarni limitlash, bu — «shapka». Bu ayrim dilerlar turli model, har xil rangdagi mashinalarni turlicha hajmda olganda paydo bo‘ladi. Korrupsion tuzilma qanday paydo bo‘ladi: barcha dilerlar bu yil biz qancha mashina ishlab chiqarishimizni bilishadi, shundan kelib chiqib ular xayolida qanday «shapka"ni hisoblash kerakligini hisobini qiladi. Endi taqsimlash va «imtiyozli dilerlar» bo‘lmadi, mijozning o‘zi dilerni tanlaydi», — dedi u.