O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisini joriy yilning 27-sentyabr kuni chaqiriladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yalpi majlis kun tartibidan “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida"gi (yangi tahrir), “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi, “O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunlarni ko‘rib chiqish belgilangan.

Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini, aholini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash va uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ham ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, senatorlar xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qator qonunlarini ham ko‘rib chiqadilar, 2017−2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosarining axborotini eshitadilar.

Yalpi majlisda Buxoro viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat a’zolari qishloq xo‘jaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari — moliya vaziriga parlament so‘rovi yuborish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladilar.