O‘zbekiston 18−20 sentyabr kunlari Pxenyan shahrida bo‘lib o‘tgan Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In va KXDR Davlat kengachi raisi Kim Chen In ishtirokidagi sammitning tarixiy yakunlarini qo‘llab-quvvatlaydi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

«Erishilgan kelishuvlar ikki davlat liderlarining konstruktiv aloqalar hamda koreyalararo munosabatlarni sifat jihatdan yangi o‘zaro ishonch, do‘stlik va hamkorlik asosida shakllantirish borasidagi qat’iy qarori va qobiliyatidan guvohlik bermoqda», — deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi hududni tashkil etish tashabbuskori sifatida Koreya yarim orolini to‘liq denuklearizatsiya qilish borasidagi tomonlar ko‘rsatgan siyosiy iroda va ularning intilishlarini yuksak baholaydi.

O‘zbekiston sammitda qabul qilingan Pxenyan Deklaratsiyasi qoidalarining amalda hayotga tatbiq etilishi shubhasiz mintaqada o‘zaro ishonch, mustahkam tinchlik va barqarorni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildiradi.

Sammit yakunlari bo‘yicha qo‘shma deklaratsiyada Janubiy va Shimoliy Koreya rahbarlari Sariq va Yapon dengizlari chegara hududlarida 80 kilometrlik zona tashkil etish, ushbu hududda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazmaslik, harbiylarni demilitatsiya qilingan hududdan olib chiqish, Pxanmunjom chegara punktini qurolsizlantirishga kelishib oldi.

Kelishuv yirik miqyosli artilleriya mashg‘ulotlar va demilitatsiya qilingan zona yaqinidan harbiy parvozlarga barham berishni ham ko‘zda tutgan.

Bundan tashqari, Shimoliy Koreya Tonchxonnidagi o‘z raketa poligonini yopish va Yonbyondagi yadro ob’ektini buzishga ham rozilik berdi.