Madamin Safarov O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga qarashli «Oʻzbekiston 24» telekanali direktori etib tayinlandi. Bu haqda MTRKdagi manba «Xalq so‘zi"ga ma’lumot berdi.

Safarov bungacha «Yoshlar» telekanaliga rahbarlik qilib kelayotgandi. U Ozodbek Nazarbekov o‘z ixtiyoriga ko‘ra iste’fo berganidan so‘ng «Yoshlar» telekanaliga direktor etib tayinlangan, bungacha esa «Toshkent» telekanalida rahbar sifatida ishlagandi.

«Oʻzbekiston 24» telekanalining avvalgi direktori Nodir To‘laganov bundan buyon telekanal bosh muharriri sifatida ishlaydi. Nodir To‘laganov telekanalga 2017 yilning 21 avgust kuni rahbar etib tayinlangandi.

«Yoshlar» telekanaliga kim yangi rahbar etib tayinlanishi hozircha noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Ma’lumot uchun: Madamin Safarov 1980 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan.