O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 sentyabr kuni 2019−2021 yillarda mamlakatni innovatsion rivojlantirish strategiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi"ni tasdiqladi.

Mamlakatning xalqaro maydondagi raqobatbardoshliligi darajasini va innovatsion jihatdan taraqqiy etganini belgilovchi asosiy omil sifatida inson kapitalini rivojlantirish — strategiyaning bosh maqsadi etib belgilandi.

Bosh maqsadga erishishda strategiyaning asosiy vazifalari qatorida O‘zbekistonning 2030 yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish belgilandi. Ko‘plab ko‘rsatkichlarning mavjud emasligi va ishlar samarali muvofiqlashtirilmagani sababli mamlakatimiz so‘nggi yillarda nufuzli va obro‘li xalqaro tuzilmalar tomonidan tuziladigan Global innovatsion indeks reytingida ishtirok etmayapti

Strategiyaning boshqa vazifalari:

  • barcha darajada ta’lim sifati va qamrovini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta’minlash;
  • ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarning ilmiy salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlar natijalarini keng joriy etish uchun ta’lim, ilm-fan va tadbirkorlikni integratsiya qilishning ta’sirchan mexanizmlarini yaratish;
  • innovatsiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarga davlat va xususiy mablag‘lar kiritilishini kuchaytirish, bu sohalardagi tadbirlarni moliyalashtirishning zamonaviy va samarali shakllarini joriy etish;
  • boshqaruvning zamonaviy usullari va vositalarini joriy etish orqali davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish;
  • mulkchilik huquqlari himoyasini ta’minlash, raqobatbardosh bozorlar tashkil etish va biznes yuritish uchun teng shart-sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sherikligini rivojlantirish;
  • barqaror faoliyat yuritadigan ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaratish.

2019−2021 yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasini o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha komissiyaga bosh vazir Abdulla Aripov rahbar bo‘ldi.