Shu kunga qadar «Bunyodkor» klubini boshqarib kelgan Mirjalol Qosimov O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi oldiga 2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiadaga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan. Ana shuni inobatga olgan holda, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse-prezidenti UmidAhmadjonov tomonidan Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga bir qator nomzodlar ko‘rib chiqildi.

Yakunda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga o‘zbek futboli afsonasi, ayni paytda «Bunyodkor» klubini boshqarayotgan Mirjalol Qosimov nomzodida to‘xtalindi.

Umid Ahmadjonov Mirjalol Qosimov bilan bu mavzuda shaxsan suhbatlashib, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi oldida jiddiy va mas’uliyatli vazifa turganligi, O‘zbekistondagi barcha futbol muxlislari terma jamoani olimpiadada ko‘rishni kutayotganini, ularning ishonchini oqlash uchun barcha kuch va mahoratni sarflash, tinimsiz mehnat qilish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, Olimpiya terma jamoasiga futbolchilarni saralab olishda xolis bo‘lish, faqat eng munosiblarini tanlab olish kerakligi borasida ham so‘z yuritildi.

O‘z o‘rnida Mirjalol Qosimov ham zimmasiga yuklanayotgan vazifaning mas’uliyatini to‘liq his qilayotganini ta’kidlab, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasini Tokio-2020 ga olib borish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni amlaga oshirishga va’da berdi.

Mirjalol Qosimov endilikda olimpiya terma jamoasi tarkibini shakllantirish ishlarini olib boradi. Shuningdek, terma jamoaga nomzod futbolchilarni saralab borish, ularni yaxlit bir jamoaga aylantirish, raqobatbardosh, kuchli jamoa yaratish ishlari bilan shug‘ullanadi. O‘z o‘rnida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan olimpiya terma jamoasi uchun zarur barcha shart-sharoitlar yaratilib, turli yig‘inlar va kuchli terma jamoalar bilan o‘rtoqlik o‘yinlari tashkil qilib boriladi.