Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrining Olmazor tumani mahallalarida «Tadbirkorlik markazlari"ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, Olmazor tumanining 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida tajriba tariqasida tadbirkorlik faoliyatiga, shu jumladan oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatiga ko‘maklashish maqsadida «Tadbirkorlik markazlari» tashkil etildi.

Quyidagilar Markazlarning asosiy vazifalari etib belgilandi:

uyma-uy yurib tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan shaxslarn aniqlash va ularga ko‘maklashish;

faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlarga Markazlar binosidan, yoshlar tadbirkorlik klasterlari binolaridan joy ajratishga ko‘maklashish;

davlat mulki ob’ektlarini «nol» qiymatida xarid qilish bo‘yicha maslahatlar va amaliy yordam berish;

«Hunarmand» uyushmasiga a’zo bo‘lish orqali soliqlar va boshqa turdagi imtiyozlardan foydalanishda va imtiyozli kreditlar olishda amaliy yordam ko‘rsatish.

Qarorga ko‘ra, 2019 yil 1 yanvarga qadar Markazlar faoliyatining samaradorligini tahlil qilgan holda, Olmazor tumanining boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarida ham Markazlar tashkil etiladi.