Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasi joylashtirildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Hujjat bilan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi;

Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasining samarali amalga oshirilishi bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanishi mumkin.

Belgilab qo‘yilishicha, huquqiy targ‘ibotni tizimli ravishda olib borish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarning ustuvor vazifalaridan biridir.

Quyidagilar jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini hamda ijtimoiy faolligi yuksalishini ta’minlash;

davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish;

bolalar va yoshlarda huquqiy madaniyatni shakllantirish;

ommaviy axborot vositalarining aholini huquqiy axborot bilan ta’minlashdagi rolini yanada oshirish, huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullaridan keng foydalanishni, shu jumladan, veb-texnologiyalarni qo‘llashni kengaytirish;

yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;

huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, shuningdek, mahallalarda har juma kuni «Huquqiy bilimlar kuni» etib belgilanadi va ushbu kunda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish orqali quyidagilarga alohida e’tibor qaratiladi:

hafta davomida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini ko‘rgazmali tarzda barcha xodimlar va aholi e’tiboriga yetkazish;

huquqshunos olimlar va amaliyotchi mutaxassislar taklif qilgan holda xodimlar hamda aholining huquqiy bilimlarini oshirish;

korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining quyidagi takliflari ma’qullanishi mumkin:

jamiyatda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda munosib hissa qo‘shgan huquqshunoslarga hamda fuqarolarga aholining huquqiy savodxonligini oshirishda ko‘rsatgan ishlari va yutuqlari uchun topshiriladigan «Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi» ko‘krak nishonini ta’sis etish;

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida davlat organlari huzurida o‘z faoliyati sohasiga doir masalalarni aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha volonterlar (ko‘ngillilar) harakatini tuzish va ularning samarali faoliyatini ta’minlash;

umumta’lim muassasalarining o‘quv dasturlariga huquqiy bilimlarga doir fanlarni kiritish, ta’lim oluvchilarga darsdan tashqari huquqiy bilim berishni yo‘lga qo‘yish;

fuqarolarning kundalik hayotida ko‘p uchraydigan masalalar yuzasidan savol-javob tarzidagi huquqiy qo‘llanmalarni tayyorlash va uni xonadonlarga tarqatish.