«Toshshahartransxizmat» AJ tomonidan joriy yilning 20 iyunidan boshlab, qog‘oz shaklidagi oylik yo‘l chiptalari bilan birgalikda, 3 oy muddatga sinov tariqasida elektron oylik yo‘l chiptalari (EOYCH) joriy etilgan edi.

Mazkur elektron tizimni chuqurroq o‘rganish maqsadida axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk mutaxassislar jalb qilindi. Shu tariqa, ushbu elektron tizimning yo‘lovchi uchun qay darajada qulayligi, ijobiy va salbiy jihatlari chuqur o‘rganildi.

O‘rganish natijasida, tig‘iz vaqtlarda yo‘lovchi tomonidan to‘lov amalga oshirish jarayonida chiptachiga ham bir martalik to‘lovni ham EOYCH qo‘lidagi qurilma (terminal)da qayd etish yuklanganligi, ammo bu jarayon uning kunlik rejasiga ta’sir qilmaganligi sababli salbiy natija ko‘rsatdi. Shu bilan birga, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yo‘lovchilar tomonidan bunday yo‘l chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalangan vaziyatlar ham ko‘plab kuzatildi.

Ana shunday holatlardan kelib chiqib, qolaversa, elektron oylik chiptalarining sinov muddati yakuniga yetganligini inobatga olib, tizim faoliyati kelasi oylarga uzaytirilmadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining joriy yil 28 avgust kuni transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida soha mutasaddilari oldiga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan jamoat transportlarida avtomat to‘lovni joriy etish bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belorussiya, Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganilmoqda.

«Toshshahartransxizmat"AJga chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda, Toshkent shahar transport tizimini tubdan rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan Stragetegiyaga muvofiq yangi avtomatlashgan to‘lov tizimini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan.