Vazirlar Mahkamasining tadbirkorlik sub’ektlarini Andijon viloyatining kichik sanoat zonalariga jalb etishga doir qo‘shimcha-chora tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Andijon viloyatida foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va yer uchastkalari negizida qo‘shimcha ravishda kichik sanoat zonalari tashkil etildi.

Qarorga muvofiq, kichik sanoat zonalari hududidagi davlat mulki tadbirkorlarga 10 yil muddatga ijaraga beriladi. Biznes-rejalar bajarilgan, ish o‘rinlari tashkil etilgan va saqlab qolingan, barcha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar o‘z vaqtida to‘langan taqdirda ularga mulk huquqi beriladi.

Ijaraga olingan maydonga ijara to‘lovi oshib boradigan koeffitsiyentlarni qo‘llamasdan minimal stavkalarda belgilanadi.

Shuningdek qarorga ko‘ra kichik sanoat zonalari hududida umumiy qiymati 300 mlrd. so‘m bo‘lgan, importning o‘rnini bosadigan va eksportga yo‘naltirilgan tayyor mahsulotlar, materiallar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.