Vazirlar Mahkamasining ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq, «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi tarkibida Talabalarning media ijtimoiy faoliyati va madaniy dam olish maskani tashkil etildi.

Qaror bilan Markaz faoliyatini takomillashtirish hamda talaba va o‘quvchilarning darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Ushbu dasturga ko‘ra, «Yil talabasi» tanlovini joriy etish va uni har yili o‘tkazib borish belgilandi.

Shuningdek, har bir ta’lim muassasasida notiqlik mahoratiga ega bo‘lgan talaba (yoki o‘quvchi)lardan iborat «Yosh targ‘ibotchilar klubi» hamda «IQ-SHOU» teletanlovi tashkil etiladi.