O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni mamlakatda bo‘lib turgan Muvofiqlashtiruvchi guruhning yetakchi arab jamg‘armalari delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Islom taraqqiyot banki prezidenti Bandar Hajarni qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Bugungi kunda O‘zbekistonning ITB guruhi bilan o‘zaro manfaatli hamkorligi doirasida yurtimizga 1,9 milliard dollarlik imtiyozli kredit mablag‘lari jalb etilgan bo‘lib, ular iqtisodiyotning turli tarmoqlariga oid loyihalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu loyihalar yo‘l-transport, energetika va kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq joylarda uy-joy qurilishi, ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimini, sog‘liqni saqlash va ta’limni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarni qamrab olgan.

Hamkorlik uchun ulkan salohiyat, eng muhimi, uni yanada mustahkamlashga o‘zaro intilish mavjudligi ta’kidlandi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «ITB guruhi kuni» doirasida O‘zbekiston va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida 2018−2021 yillarga mo‘ljallangan 1,3 mlrd dollarlik sheriklik strategiyasi imzolandi.

Prezident Islom taraqqiyot banki rahbariga jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganish maqsadida Samarqandda tashkil etilgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bandar Hajar, o‘z navbatida, O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki guruhi uchun mintaqadagi asosiy sheriklardan biri ekanini ta’kidladi. Mehmon O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarga yuksak baho berib, ITB mamlakatimizdagi islohotlarga har tomonlama ko‘makni kengaytirish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.