O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov payshanba kuni «Markaziy Osiyo xalqaro transport koridorlari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar» xalqaro anjumani ochilishida so‘zga chiqar ekan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda transport tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflarini sanab o‘tdi.

Birinchidan, Jahon, Osiyo taraqqiyot va Islom taraqqiyot banklari, boshqa xalqaro institutlar ko‘magida Markaziy Osiyo mintaqaviy transport koridorlarini rivojlantirish bo‘yicha strategiyani ishlab chiqish va uning asosida Markaziy Osiyo transport tizimlarini barqaror rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlarini qabul qilish.

Ikkinchidan, mintaqa mamlakatlari a’zo bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida transport tashuvlarining integratsiyalashgan boshqaruv tizimini yaratish.

Uchinchidan, transport-logistika sohasidagi muammolarning tuzilmaviy yechimlarini muvofiqlashtiruvchi Markaziy Osiyo davlatlari transport kommunikatsiyalari bo‘yicha mintaqaviy kengash tashkil etish.

To‘rtinchidan, Xalqaro sayyohlik tashkiloti bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda turistik xablarni yaratish.

«Markaziy Osiyoning yirik xalqaro bozorlarni bog‘lovchi muhim geostrategik o‘rnini hisobga olgan holda, transport koridorlari tizimida mintaqamiz integratsiyasini tezlashtirish maqsadida mamlakatlarimiz kuchlarini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etadi», — dedi hukumat rahbari.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, dengiz yo‘llariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan mintaqa davlatlarining tranzit va transport xarajatlari eksport mahsulotlari qiymatining 70−80 foizgacha qismini tashkil etmoqda. Bojxona jarayonlari takomillashmagani sababli tovarlarni tashish vaqti 40 foizgacha uzaymoqda.

BMT ekspertlari hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari kooperatsiyasi natijasida mintaqaviy YAIM hajmi 10 yil ichida eng kamida ikki barobargacha ortishi mumkin, dedi Vazirlar Mahkamasi rahbari.

U mintaqa davlatlarining xalqaro tashuvlar tizimlari, jumladan dengiz yo‘llariga integratsiyalashuviga to‘sqinlik qilayotgan omillarni va yana nimalar qilish lozimligini sanab o‘tdi:

«Eng avvalo Markaziy Osiyo transport aloqasini rivojlantirishga qaratilgan yagona yondashuv yo‘q, to‘siqlarni bartaraf etish, viza, tranzit va bojxona jarayonlarini soddalashtirish, tarif siyosatini normallashtirish, mintaqa davlatlari transport infratuzilmalarini takomillashtirish, samarali transport koridorlarini shakllantirish».

Jahon banki logistika samaradorligi indeksiga ko‘ra, Markaziy Osiyo 160 davlatdan iborat reytingda quyi o‘rinlarni egallagan. Bularning barchasi hudud transport sektori raqobatbardoshligini pasaytiradi, deya qo‘shimcha qildi Abdulla Aripov.