«Ma'rifat» gazetasi saytida nashr muxbirlari Xayrullo Abdurahmonov vaSharifa Madrahimovaning «Quva tumanidagi maktab hududi noqonuniy egallab olindi» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Maktab hududi va mulki daxlsiz

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni asosida o‘qituvchilarga bir qator imtiyozlar yaratilib, ta’lim muassasalari faoliyati erkinligi va mustaqilligi ta’minlandi. Ayniqsa, maktab direktorining vakolati yanada kengaydi. Endi maktab rahbari nafaqat o‘quv-tarbiya jarayoniga, balki maktab faoliyatiga tegishli barcha boshqaruv ishlariga mas’ul.

Maktab hududi va mulki daxlsiz. Unga o‘zboshimchalik bilan egalik qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Endi bariga hokimlar javobgar

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari maktablarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faoliyatini rivojlantirish masalasida har tomonlama ko‘maklashadi. Maktab hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash, mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishni tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.

Afsuski, ayrim hududlarda tanaga kirgan zirapchadek, maktab mulkini talon-toroj qilish, uni noqonuniy egallab olish hollari kuzatilmoqda. Ba’zan bu ishlarga tuman hokimlari ham bosh-qosh bo‘layotgani achinarli.

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi 50-maktab atrofida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar kishini o‘yga toldiradi. Gap shundaki, 1992 yildan beri maktab balansida bo‘lgan 65 sotix yer maydoni va 3 sotix maydondagi bino shu tumanda yashovchi To‘lqin Po‘latov tomonidan noqonuniy tarzda egallab olingan.

Nizoli masala yuzasidan tuman hokimi Halimjon Umarovning fikri bilan qiziqdik.

— Ushbu nizoli bino 2018 yil mart oyida prezident devoni ishchi guruhi tumanimizda o‘rganish olib borgan payt bo‘sh yotgan binolar ro‘yxatiga kiritilgan, — deydi H.Umarov. — Bo‘sh turgan bino tadbirkor To‘lqin Po‘latovga berilgan. U bu yerda tikuvchilik faoliyatini olib boryapti. Eng asosiysi, bino ostidan «Asakaneft» korxonasining quvuri o‘tgan bo‘lib, har qanday inshoot qurish taqiqlanadi. Shu masala ko‘tarilganda korxona mutasaddilari rasmiy ma’lumot berishdi. Demak, bino loyiha talabiga mos qurilmagan. Uni buzib tashlash kerak. Ammo hozircha foydalanib turilgani uchun buzilmadi. Tadbirkor kelishuv uchun hamma narsaga tayyor. Hatto maktabga sport maydonchasi qurib berishga ham rozi. 10 nafar kam ta’minlangan oila farzandlariga maktab formasi tikib berdi. U bu yerda anchadan beri ish olib boradi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nima uchun maktab o‘z ehtiyoji uchun foydalanishni talab qilsa, noqonuniy deb topiladiyu, tadbirkor faoliyat yuritishi uchun ruxsat beriladi? Tuman hokimi ta’kidlaganidek, binoning hech qanday kadastr hujjati bo‘lmasa, tadbirkor To‘lqin Po‘latov undan qanday hujjat asosida foydalanyapti?

Maktab rahbarlari qat’iy bo‘lishi kerak

Hammasi 2017 yilda boshlandi. Bungacha yer maydonidan maktab ma’muriyati foydalanib kelardi. Shu yili Ne’monjon Mahmudov muassasaga direktor etib tayinlangach, tumanning Turk qishlog‘ida yashovchi To‘lqin Po‘latov maktab balansida bo‘lgan bo‘sh yotgan binodan foydalanishni so‘raydi. Ne’monjon Mahmudov endi ish boshlaganini, qolaversa, maktab kadastr hujjatlarini tayyorlash harakatida yurganini aytadi. Shu bilan 2018 yilning aprel oyigacha bu masala ko‘tarilmaydi. Afsuski, aprel oyida maktab direktori navbatdagi malaka oshirishga ketganda To‘lqin Po‘latov qorovuldan kalitlarni oladi va noqonuniy tarzda binoni egallaydi. Buning uchun asos sifatida mahalla fuqarolar yig‘ini raisining qarorini ko‘rsatadi. Yer maydoni hamda undagi bino va inshootlar aslida kimga tegishli?

— Chaman (sobiq Bo‘ston) ko‘chasida joylashgan yer maydoni hamda bino va inshootlar 1992 yildan beri maktabimiz balansida turadi, — deydi Ne’monjon Mahmudov. — Ammo To‘lqin Po‘latov hech qanday asossiz, o‘zboshimchalik bilan unga egalik qilib olgan. Yordam so‘rab, tuman hokimligi, IIBga qilgan murojaatimiz e’tiborsiz qolib kelmoqda. 2018 yili binolarning kadastr hujjatlarini tayyorlash uchun tuman hokimligiga, viloyat «Yermulkkadastr» davlat korxonasining Quva tumani filialiga murojaat qildik. Mutaxassislar ishga kirishdi. Ammo oradan bir oy vaqt o‘tgach, ishlar to‘xtab qoldi. Tashkilot rahbari J.Mamajonov vaziyatga izoh berib, tuman hokimining topshirig‘iga ko‘ra, bino hokimlik balansiga olinib, tadbirkorga berilishini aytdi. Ushbu nizoli masala xalq deputatlari Quva tuman kengashining shu yil 20 iyundagi 41-sessiyasida ham ko‘rib chiqildi. Afsuski, tuman kengashi deputati Avazbek Teshaboyevning fikri e’tiborga olinmadi. Maktabda 360 nafar o‘quvchi ikki smenada ta’lim oladi. O‘quvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, ovqatlanishi, tadbirlar tashkil etish uchun qo‘shimcha bino yo‘q. Tadbirkor egallab olgan binolar bo‘shatilsa, shu muammo yechilgan bo‘lardi.

Maktab direktori Ne’monjon Mahmudov Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyevga, viloyat prokurori S.Turdiyevga, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i M.Turdimatovga, Quva tuman ma’muriy sudi raisi A.Jumayevga ariza, tuman hokimi H.Umarovga bildirish xati yozgan.

Direktor mutasaddilardan 1992 yil may oyidan buyon balansida bo‘lgan qo‘shimcha bino va inshootlarga maktabning egalik huquqini e’tirof etishni hamda qo‘shimcha binoga noqonuniy kirib olgan tadbirkorning chiqib ketishini so‘ragan. Ammo bu murojaatlar e’tiborsiz qolgan.

Ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bu yerda hatto respublikada ommalashtirishga arziydigan ibratli tajribalar ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. Maktab «Eng obod ta’lim muassasasi» tanlovining tuman bosqichida har yili g‘olib bo‘ladi. Bilimlar bellashuvida o‘quvchilari faol ishtirok etadi. Fermer xo‘jaligi rahbari Avazbek Teshaboyev faol va iqtidorli o‘quvchilar uchun o‘z hisobidan stipendiya joriy qilgan. Har chorak yakunida 30 nafar a’lochi o‘quvchi ushbu stipendiya sohibi bo‘ladi.

Xo‘sh, bu masalada viloyat «Yermulkkadastr» davlat korxonasining Quva tumani filiali rahbari Jasur Mamajonov qanday fikrda?

— Bino haqiqatan ham 1992 yilda maktab balansiga o‘tgan. Shu yillar davomida maktab undan foydalanib kelgan. Ammo buni tasdiqlovchi hech qanday hujjat bo‘lmagani uchun ayni kunda uning kadastr hujjatlarini tayyorlab bera olmadik.

Bu borada tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri va maktab direktorining fikri boshqacha. Ularning aytishicha, Mingchinor MFY hududida joylashgan bino 1992 yil 1 maydan buyon «Guliston» (M.Sherbo‘tayev) shirkat xo‘jaligidan maktab ixtiyoriga o‘tkazilgan. Quva tumani hokimining 2014 yil 19 maydagi «Tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarini qayta xatlovdan o‘tkazish va xatlov natijalari bo‘yicha ilovaga muvofiq yer maydonlarini doimiy foydalanishga biriktirib, bino va inshootlarga egalik huquqini e’tirof etish va operativ boshqarish huquqini belgilash to‘g‘risida"gi 814-sonli qaroriga asosan 50-maktab balansida ekani tasdiqlangan.

Maktab direktori muammoga yechim sifatida taklif kiritdi:

— Aslida, bu masalaning yechimi juda oddiy, — deydi Ne’monjon Mahmudov. — Biz tuman hokimligi, tadbirkor bilan nizoga borishni xohlamaganmiz. Hozir ham tuman hokimligi, «Yermulkkasdastr» davlat korxonasi Quva tumani filiali nizoli yer maydoni, undagi binoning kadastr hujjatini tayyorlab, maktab ixtiyoriga o‘tkazib bersa, Prezidentimizning «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni asosida tadbirkor undan ijara shartnomasi bo‘yicha foydalanishi mumkin. Men hokimlikdan moddiy yordam so‘ramayapman. Faqatgina 1992 yildan to shu kungacha balansimizda bo‘lgan o‘z mulkimizga egalik huquqini so‘rayapman, xolos. Bundan nafaqat maktab, balki shu hududdagi aholi farzandlari manfaat ko‘radi. Axir, ta’lim muassasalarida kelajagimiz egalari kamol topadi.

«Ma'rifat» gazetasi tahririyati maqola so‘nggida ushbu maqola yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi, xalq ta’limi boshqarmasi hamda Quva tumani hokimligi mutasaddilaridan javob kutib qolishini bildirgan.