Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugidagi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli harbiy qismda amaliy parvoz mashqlari o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Samo lochinlari Xonobod qo‘rg‘onchasida joylashgan harbiy aerodromda SU-25, SU-27 va MIG-29 jangovar qiruvchi samolyotlari yordamida kunduzgi va tungi mashqlarni bajardi.

Oxirgi yillarda Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlarini yanada takomillashtirish, harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirish, aviatsiya hamkorligidagi dala-o‘quv mashg‘ulotlarini real vaziyatlarga yaqinlashtirgan holda olib borish va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha samarali ishlar qilindi.

Har bir amaliy mashqlarga kirishishdan oldin uchuvchilar o‘sha mashqni parvoz qilishi ko‘zda tutilgan hududning 3D formatidagi elektron tasvirda zamonaviy simulyatsiya trenajyorlari yordamida mashq qilishadi.

Mahoratli va tajribali harbiy uchuvchilar samoda turli usullarni qo‘llab, yerdagi berilgan nishonlarni yakson qildi. Jangovar qiruvchi samolyotlar qo‘nish yo‘lagiga kirganda, ma’lum muddatdan keyin ular orqasidan parashyut ochilib, uchish apparatlari to‘xtashini sekinlashtirishga yordam beradi. Harbiy uchuvchilar buni «tormozlash parashyuti» deb atashadi.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari shaxsiy tarkibi qo‘shin va moddiy vositalarni havo orqali tashish, havo razvedkasini yuritish, muhim ob’ektlarni dushmanning havodan beradigan zarbasidan himoya etish, samodan turib dushmanning aviatsiya va quruqlikdagi qo‘shinlarini yakson qilish, davlat va harbiy-boshqaruv tizimi, frontorti va harbiy-iqtisodiy qudratga molik ob’ektlarni, transport kommunikatsiyalarini aviatsion jihatdan qo‘llab-quvvatlash kabi vazifalarni bajaradi.