O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov 9−19 sentyabr kunlari Shveysariyaning Lozanna shahrida boshlangan MEMOS dasturida qatnashdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

MEMOS dasturi (Executive Masters in Sports Organisations Management, sport menejmentida magistrlik darajasini beruvchi ta’lim) Xalqaro olimpiya qo‘mitasining Olimpiya birdamligi tashabbusi bilan tashkil etilgan.

MEMOS dasturi darslari bir yilga mo‘ljallangan bo‘lib, to‘rtta moduldan tashkil topgan. Birinchi modul Lozannada (Shveysariya) tashkil etildi. Unda O‘zbekiston vakili sifatida Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov ishtirok etdi. Dasturda umumiy hisobda jahonning 35 mamlakatidan turli sport tashkilotlari vakillari qatnashishdi.

Ushbu dasturning asosiy maqsadi — xalqaro va milliy sport tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan rahbarlar, menejerlarga boshqaruv davomida ko‘mak berishdir. Yakuniy to‘rtinchi modulda MEMOS ishtirokchisining loyiha himoyasi va taqdimoti o‘tkaziladi. Mazkur dastur sport sohasi vakillarining o‘zaro tajriba almashishlari va muloqot qilishlari uchun haqiqiy axborot maydoni sifatida ham xizmat qiladi. Safar davomida Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Olimpiya birdamligi vakillari bilan uchrashuv ham tashkil etildi.

Navbatdagi modul 2019 yilning 20 — 30 yanvar kunlari Ottava (Kanada) shahrida bo‘lib o‘tadi.