O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni general Jenson Boylz va AQSH Kongressi Vakillar palatasi a’zosi Trent Kellini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev joriy yil may oyida AQSHga rasmiy tashrif davomida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali uchrashuv va muzokaralar mamlakatlar o‘rtasidagi strategik sheriklikda yangi davrni boshlab bergani vauni aniq mazmun bilan boyitganini alohida ta’kidladi.

Bugun ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSH munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, innovatsiya, investitsiya, fan va texnika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston Milliy gvardiyasi va tegishli idoralarining Missisipi shtati Milliy gvardiyasi bilan, jumladan, jamoat tartibini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish sohasida tajriba almashish, trening va tadbirlar o‘tkazish borasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Missisipi shtatining yetakchi korxonalari va kompaniyalari bilan savdo va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, ta’lim sohalarida sheriklikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

General J.Boylz va kongressmen T.Kelli Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga doir aniq tashabbuslari uchun minnatdorlik bildirdi.

Mehmonlar O‘zbekistonda sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va o‘zgarishlarni yuksak baholadilar. Samarali parlamentlararo va idoralararo muloqotlarni davom ettirish, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish ishlarini faollashtirishga tayyorlik bildirdi.

AQSH delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi keng ko‘lamli amaliy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solishini ta’kidladi.