1 sentyabrdan boshlab Toshkentda chorrahalarga o‘rnatilgan kameralar yordamida qayd etiluvchi Yo‘l harakati qoidalari buzilishlari ro‘yxati kengaytirildi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB Kompyuter markazidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Avvallari kameralar faqatgina ikki turdagi qoidabuzarlik — svetoforning taqiqlangan chirog‘idan o‘tish va ruxsat berilgan tezlikni oshirishni qayd etgan bo‘lsa, endilikda bu ro‘yxat yettitagacha oshirildi. Besh turdagi qoidabuzarliklarni YHXB Markaziy dispecherlik xizmatining 15 nafar operatori qo‘lda qayd etib boradi.

Mashinani boshqarishda telefondan foydalanish, xavfsizlik kamarini taqmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarining buzilishi, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketish va piyodalar yo‘laklari bo‘ylab harakatlanish kabi qoidabuzarliklar endilikda kamera orqali qayd etiladi.

Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, ma’muriy qoidabuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzilib, qoidabuzarning yashash manziliga yuboriladi.

Qoidabuzarliklarni avtomat qayd etish va videokuzatuv tizimi 2017 yil 15 mart kuni poytaxtning 115 ta chorrahasida ish boshlagan edi. Rejaga muvofiq, tizim yana 280 ta chorrahani qamrab olishi lozim.