Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz"ga bergan intervyusida mamlakatdagi ta’lim tizimi holati va muammolari, va shuningdek O‘zbekistonning Markaziy Osiyon ta’lim markaziga aylanishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Mustaqil oliy ta’lim muassasalari

Universitetlar amalda mustaqil bo‘lishlari kerak. Hozirgi kunda OTM rektorlarini Vazirlar Mahkamasi tayinlaydi. Taklif shundan iboratki, rektorlarni o‘qituvchilarning o‘zlari, ya’ni professor-o‘qituvchilar jamoasi tanlasin. Buning uchun alohida me’yorlar ishlab chiqiladi. Rektor ma’lum guruhlar tomonidan saylanmasin. Bunday muammo bizda bor, shuning uchun rektorni tanlash ochiq tanlov orqali amalga oshirilishi kerak.

Yangi tuzilma

OTM muassasalarida boshqaruvchi yoki bosh menejer lavozimi joriy etiladi. Bu shaxs bevosita moliyaviy, iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanadi. Yangi tuzilma vazifalarni taqsimlash orqali ta’lim jarayoniga hamda eng yaxshi o‘qituvchilarni jalb etishga yordam beradi. Hozirgi kunda Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universitetida bu tuzilma mavjud. OTMlar amalda ta’lim va budjet yo‘nalishlarini tanlovchi vasiylik kengashlari tomonidan boshqarib boriladi. Davlat OTMlarida Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri rektorlar tayinlashda veto huquqiga ega bo‘ladi, rektor nomunosib bo‘lsa, vazir bu huquqidan foydalanadi.

OTMlarga qabul kvotasi bekor bo‘ladi

Universitetlar o‘zlari ta’lim yo‘nalishi hamda kvotalarni talabga ko‘ra aniqlashadi. Hozir bu hukumat tomonidan aniqlanadi, biz bu huquqni universitetlarga bermoqchimiz. Ota-onalar ham bu jarayonda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Cheksiz talabalarni qabul qilish imkonsiz. Universitetda yaratilgan sharoit, o‘quv xonalari, laboratoriyalar holatidan kelib chiqib, qabul kvotasi belgilanadi. Professor-o‘qituvchilar jamoasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Universitet moddiy-texnik bazasi 2000 talabani qamrab olish imkoniyatini bersa, lekin professor-o‘qituvchilar yetarli bo‘lmasa, u holda ushbu OTMda 500 nafar talaba o‘qiydi.

Xususiy OTMlar va davlat-xususiy OTMlar hamkorligi

Qonunchilikka xususiy OTMlar haqida tushuncha kiritiladi. Agar jismoniy shaxsga xususiy universitet ochish imkoniyati yaratilsa, unda moliyaviy resurslar bor, u OTMni kerakli laboratoriya, jihozlar bilan ta’minlaydi, professor-o‘qituvchilarni jalb etadi va bu faqat boshlanishi.

Bunday OTMlarni tashkil etish uchun imtiyozlar taklif etilishi kerak. Masalan, ularni soliqlardan, bojxona to‘lovlaridan kamida 10 yilga ozod qilish, chet ellik o‘qituvchilarni jalb etadigan bo‘lsa, o‘qituvchilarga vizasiz tartib joriy etish. Shuningdek, davlat-xususiy OTMlar uchun uchun binolarni taqdim etishga ham tayyormiz. Bunda bino 30 yil faoliyat yuritishi shart, keyin bu bino xususiy mulkka aylanadi.

Chet ellik talabalar uchun qulayliklar

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning ta’lim markaziga aylanishi kerak. Keyingi 5 yil davomida biz aholini oliy oliy ta’lim bilan qamrab olishini 25 foizgacha oshirishimiz kerak. Bizda ta’lim sifati oshsa, ko‘plab xorijiy filiallar, hamkorlikdagi fakultetlar ochiladi, yurtimizga ko‘proq xorijlik talabalar kela boshlashadi. Biz ularga va ota-onalariga ta’lim davomida vizasiz tartibni qo‘llaymiz.

Xorijlik talabalar sonining oshishi biz uchun juda ham foydali, bizda o‘qib ketgan talabalar o‘z yurtlari hamda O‘zbekiston hamkorligini yaxshilashda, iqtisodiy va siyosiy aloqalarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynaydilar.

Imtihonlarning yangi ko‘rinishda o‘tkazilishi


Bu yildan boshlab prezident tashabbusi bilan tizimda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, imtihonlarni ham maksimal ravishda shaffof bo‘lishini ta’minlashga harakat qildik. Bu jarayon davom etadi. Biz OTMlarga qabul qilish tizimini yaxshilamoqchimiz. Birinchidan, biz abituriyentga bir nechta OTMga hujjat topshirish imkoniyatini bermoqchimiz. Ikkinchidan, imtihonlarni xohlagan paytlari topshirishlari mumkin. O‘rta yoki o‘rta-maxsus ta’limga ega abituriyent uch yil davomida bir marta imtihonni bepul topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Biz IELTS yoki GMATga o‘xshash tizimni joriy etmoqchimiz. Bu tizimni biz sinov tariqasida bir nechta OTMlarda sinab ko‘rmoqchimiz. Davlat test markazida maxsus imtihon komplekslari tayyorlanadi. Ikki-uch oy davomida abituriyentlar kelishi hamda imtihonlar topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Ijtimoiy yordam haqida

Davlat xususiy OTMlarda belgilangan to‘lovli kvotaga ega bo‘ladi. Davlat kam ta’minlangan, ko‘p farzandli oilalar, chekka hududlardan kelgan talabalarga grant ko‘rinishida yordam berishi kerak. Bundan tashqari, stipendiya to‘lovlari OTMlarning o‘zi tomonidan belgilanishi kerak.

3.0 Universitetlar

Biz 80 ta mavjud OTMlardan davlat buyurtmasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi va davlat tomonidan moliyalashtiriluvchi markazlarni tanlashimiz kerak, ular 3.0 universitetlar bo‘ladi.

Ma’lumot uchun: Universitetlar maqsadi bo‘yicha:

1.0 universitet — ta’lim beruvchi institut,

2.0 universitet — ta’lim beradigan va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadigan OTM,

3.0 universitet — bunda ikki maqsadga bilimlarni tijoriylashtirish ham kiritiladi. 3.0 universitet AQSHdagi multikampusli rivojlanish bilan bog‘liq.

Harbiy imtiyozlar haqida


Armiyada xizmat qilganlar uchun umumiy imtiyozdan tashqarida bo‘lgan, alohida imtiyozlar berilishi kerak. Qo‘shiladigan imtiyoz ballariga ham savollar bor. Bu yerda qizlarning kamsitilish holati bor. Mazkur savolni qayta ko‘rib chiqish kerak. Bu adolatsizlikdir.

Xizmat vaqtida vafot etgan, jarohatlangan, nogiron bo‘lib qolgan yoki kasal bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlariga imtiyoz berish juda ham to‘g‘ri qaror. Bu yerda asosiy imtiyozdan tashqari qo‘shimcha kvota bo‘lishi kerak. Hozir biz loyihani tayyorlayapmiz. Umid qilamizki, kelasi yil o‘zgartirishlar kiritiladi.

Imkoniyat darajasidan tashqaridagi superkontrakt

Superkontrakt to‘lovlari, tan olish kerakki, juda ham qimmat. Superkontrakt to‘lovlarini optimallashtirish kerak, qanday to‘lov miqdori belgilanishi orqali katta resurslar jalb qilinishi hamda ta’lim sifatini ta’minlash mumkinligi ustida kerakli tahlillarni qilish kerak.

Insonga faqat OTMga kirganidan so‘ng emas, balki yoshligidan ta’lim olishiga, repetitor bilan shug‘ullanishiga ham e’tibor qaratish kerak. Uzoq muddatli istiqbolni o‘ylash kerak. Bu yil bilimli abituriyentlarning yetarli emasligi sababli bir qancha kvotalar bo‘sh qolganining guvohi bo‘ldik.