Prezident Shavkat Mirziyoyev 19 sentyabr kuni «Terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

2017 yilda 18 mingdan ziyod sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan hamda tinch turmush tarziga qaytgan fuqarolar terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar faoliyatida ishtirok etishga moyil bo‘lgan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi. Ularning 10 mingdan ziyodiga ish bilan ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatildi.

Farmon terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan, shu jumladan, O‘zbekiston hududidan tashqarida bo‘lgan, o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglab yetgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarga Vataniga, oilasi bag‘riga, tinch hayotga qaytish imkonini berish maqsadida qabul qilindi.

Hujjat bilan terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzildi. Unga bosh prokuror Otabek Murodov rahbar bo‘ldi.

2018 yil 1 noyabrdan taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston fuqarolari Komissiya xulosasiga asosan jinoiy javobgarlikdan ozod etiladi. Komissiya tomonidan salbiy xulosa chiqarilgan taqdirda barcha holatlar qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston fuqarolari quyidagi hollarda, ushbu farmonga muvofiq, jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin:

  • aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida shaxsan arz qilib kelsa, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lsa va tuzalish yo‘liga o‘tgan bo‘lsa;
  • jinoiy faoliyat va boshqa huquqqa xilof qilmishlarni fosh etishda faol yordam bergan bo‘lsa;
  • taqiqlangan tashkilotlar safiga aldov yo‘li bilan jalb etilgan bo‘lsa;
  • taqiqlangan tashkilotlarning g‘oyaviy yoki ma’naviy rahnamosi bo‘lmagan bo‘lsa;
  • jangovar harakatlarda va qo‘poruvchilik harakatlarini sodir etishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
  • terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida taqiqlangan tashkilotlarda o‘quv, maxsus yoki harbiy tayyorgarlikdan o‘tmagan bo‘lsa;
  • terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida chiqish yoki harakatlanishni amalga oshirmagan bo‘lsa;
  • xalqaro terrorizmni moliyalashtirishda ishtirok etmagan bo‘lsa;
  • terroristik, ekstremistik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalar mavjud bo‘lgan materiallarni adashib yoki axborot-kommunikatsiya vositalarida tarqatishga qasd qilmagan va bunday maqsadni ko‘zlamagan holda saqlagan bo‘lsa.

Komissiyaga quyidagi vakolatlar yuklandi:

  • taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish;
  • murojaat etgan fuqarolarning shaxsini, shu jumladan, ularning sodir etilgan jinoyatlarga daxldorligini har tomonlama tekshirish orqali o‘rganish;
  • murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qabul qilingan xulosalarni dastlabki tergov organlariga o‘rnatilgan tartibda taqdim etish;
  • sodir etgan qilmishiga pushaymon bo‘lgan va aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilib murojaat etgan fuqarolarga nisbatan taqiqlangan tashkilotlar a’zolari tomonidan salbiy ta’sir etilishining oldini olish bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish uchun vakolatli organlarga topshiriqlar yuborish;
  • jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatilishida, shu jumladan, bandligini ta’minlash borasida ko‘maklashish va monitoringini olib borish;
  • jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxslar bilan profilaktik-tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vakolatli organlar va tashkilotlarga topshiriqlar yuborish.

Qabul qilingan yangi farmon fuqarolarning O‘zbekiston hududiga kirishini huquqiy jihatdan rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.

Taqiqlangan tashkilotlar tarkibiga adashib kirib qolgan fuqarolarning qilmishiga pushaymonligi hamda aybini bo‘yniga olishi to‘g‘risidagi arizasi xorijda ularning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalariga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlariga beriladi.

Farmon bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etish bilan bog‘liq jinoyatni qayta sodir etgan shaxsning takroriy murojaati ko‘rib chiqilmaydi.

Komissiya tomonidan o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qaror barcha davlat organlari va tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiy.

Komissiyaning ishchi organi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hisoblanadi.