O‘zbekiston bojxonachilari naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir qoidabuzarliklarni fosh qildi. Bojxonachilar 3 ta holatda jami 37,7 ming AQSH dollarini yashirincha olib chiqilishini oldini olishdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «S.Najimov» chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro T.Q.ning bezovtalanishi bojxonachilarning diqqatini tortdi.

Shundan so‘ng xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, ushbu shaxs bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqish uchun 8700 AQSH dollarini kiyimlari ostidan oyoqlarining son qismiga bog‘lab olganligi aniqlandi.

«Bekobod-Avto» chegara bojxona postida esa qo‘shni davlat fuqarosi K.M. shaxsiy ko‘rik davomida bojxonachilar qarshisida yer chizib qoldi. Chunki, u ham yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilmasdan turib, 10 ming AQSH dollarini cho‘ntaklariga yashirgancha olib chiqmoqchi bo‘lgan ekan.

Shuningdek, mazkur postda bojxonachilar qo‘shni davlat fuqarolaridan yana biri Z.A.ning qilmishlariga nuqta qo‘yishdi. Ushbu shaxs boshqaruvidagi «Mersedes-bens 200» rusumli avtomashinaning ko‘zdan kechirish davomida, salonga bojxona nazoratiga taqdim qilinmagan 19 ming AQSH dollari yashirib qo‘yilganligi fosh qilindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

2000 AQSH dollari va undan ortiq bo‘lmagan ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishda esa ularni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish talab etilmaydi.

Norezidentlar, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan yoki O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutalarni olib chiqish ular tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga kirish chog‘ida to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, kirishda to‘ldirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan naqd xorijiy valyuta summasidan ortiqcha bo‘lmagan miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishga ruxsat etiladi.