O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi davlat chegaralari o‘tkazish punktlari orqali ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirish talablarini kuchaytirish taklif qilinmoqda.

Muhokama uchun e’lon qilingan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida iyun oyida joriy etilgan bojsiz olib kirish miqdoriy me’yorlariga o‘zgartishlar kiritish belgilangan.

Hozirda 20 nomdagi tovarlarni (muzlatkich, konditsioner, kir yuvish mashinasi va boshqalar) bir oyda bir donadan olib kirish mumkin bo‘lsa, uni 6 oygachaoshirish taklif qilinmoqda. «Boshqa» tovarlar (har bir nomda 2 kg dan, lekin jami 10 kg dan oshmagan miqdorda) uchun esa bu vaqtning 1 sutkadan 1 oyga uzaytirish ko‘zda tutilgan.

Avgustda Markaziy bank o‘z hisobotida chegaradan tovarlarni olib kirishga cheklov joriy etilgani maishiy texnikalar narxining 3,1 foizga qimmatlashishiga olib kelganini ma’lum qilgan edi. Jumladan, dazmollar — 3,1 foiz, elektr choynaklar — 2,4 foiz va changyutkichlar — 1,1 foizga qimmatladi.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamasi 5 noyabrga qadar davom etadi.