2018 yil 19 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda manfaatdor vazirliklar va idoralar, shuningdek ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2018 yil 6 sentyabr kuni qabul qilingan mazkur Qonun O‘zbekiston fuqarolarini ham mamlakatimiz korxonalarida, ham xorijda ishga joylashtirish imkoniyatini oshirish va kengaytirishga, davlat xizmatlari va xususiy sektor tomonidan bandlikka ko‘maklashish mexanizmlarini aniq tartibga solishga, ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlarini, shu jumladan xususiy bandlik agentliklarining, korxonalarning va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilab berishga qaratilgan.

Qonunda «xususiy bandlik agentliklari» tushunchasi ochib berilmoqda, xususiy bandlik agentliklari xodimlari soniga va ularning rahbarlariga talablar qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu hujjatda xususiy bandlik agentliklari tomonidan shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar turlarining to‘liq ro‘yxati keltirilmoqda, O‘zbekiston Respublikasi hududida ish qidirayotgan shaxslarga ish tanlash, ish beruvchilar uchun kadrlar tanlash, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish, ishga joylashtirish sohasida axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha xususiy bandlik agentliklari tomonidan taqdim etiladigan xizmat turlarining mazmun-mohiyati ochib berilmoqda.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi xususiy bandlik agentliklarida litsenziya bo‘lishi zarurligi nazarda tutilmoqda, shuningdek mazkur xizmatlarni ko‘rsatuvchi xususiy bandlik agentliklarining Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasida ellik ming AQSH dollari miqdoridagi o‘z mablag‘larini zaxira qilib qo‘yish majburiyati joriy etilmoqda.

Qonun muhokamasida ishchi guruh a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.