Prezidentning 2018 yil 19 senyatbrdagi «O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Uning matni ilovalarsiz O‘zAda e’lon qilingan.

Mazkur qaror asosida audit sohasiga qator yangi qoidalar joriy etilmoqda, deya xabar beradi Norma.uz sayti.

Auditorlik tashkilotlariga talablar

2019 yil 1 yanvardan boshlab auditorlik tashkilotlariga talablar yengillashtiriladi.

Birinchidan, ular uchun auditorlik faoliyatiga litsenziya olish uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran 3 oy muddat belgilandi. Agar bu bajarilmasa, o‘z nomida «auditorlik tashkiloti» so‘zlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Ikkinchidan, auditorlik tashkilotlarining litsenziyalari universal bo‘ladi — ularga barcha turdagi auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishga ruxsat beriladi. Hozirgi vaqtda litsenziyalar auditorlik tekshiruvlarining quyidagi turlariga alohida beriladi:

faqat o‘z tashabbusiga ko‘ra auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni o‘z tashabbusiga ko‘ra va majburiy auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga, aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va sug‘urta tashkilotlari bundan mustasno;

barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga (Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risida nizomga qarang).

Uchinchidan, auditorlik tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori bekor qilinmoqda. Hozirgi kunda turli tekshiruvlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lish uchun ustav kapitalining quyidagi miqdorlarini shakllantirish talab etiladi:

faqat o‘z tashabbusiga ko‘ra auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga — 1 500 EKIH;

xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni o‘z tashabbusiga ko‘ra va majburiy auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga, aksiyadorlik jamiyatlari, banklar va sug‘urta tashkilotlari bundan mustasno — 3 000 EKIH;

barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishga — 5 000 EKIH.

Bundan tashqari, ustav jamg‘armasini har qanday mol-mulk bilan shakllantirishga ruxsat beriladi. Hozir uning miqdorining 50%i pul mablag‘lari bilan to‘lanishi kerak.

To‘rtinchidan, auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan auditorlarning eng kam soni kamida 4 nafar shtatdagi auditordan iborat bo‘ladi. Hozir tekshiruvlarning turiga qarab bu son 2 dan 6 nafargacha shtatdagi auditorlarni tashkil etadi. Bunda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni majburiy auditorlik tekshiruvlaridan o‘tkazish uchun ulardan biri xalqaro buxgalter sertifikatiga ega bo‘lishi kerak (auditorlarning malakasiga yangi talablar to‘g‘risida quyiga qarang). Shuningdek, auditorlik tashkilotlari rahbarlarining 3 yilda 1 marta majburiy attestatsiyadan o‘tishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi.

Faoliyat yuritayotgan auditorlik tashkilotlari 2019 yilning 1 apreliga qadar o‘z shtatlarini yangi talablarga muvofiq keltirishlari darkor.

Beshinchidan, Moliya vazirligi auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda har 3 yilda kamida 1 marta auditorlik tashkilotlari ishining sifati tashqi nazoratdan o‘tkazadi. Majburiy auditorlik tekshiruvlarini amalga oshiruvchi tashkilotlarni tashqi nazoratdan o‘tkazish natijalari Moliya vazirligi veb-saytida e’lon qilinadi.

Auditorlik firmalari ham o‘z veb-saytlarida yoki auditorlarning respublika jamoat birlashmalari veb-saytlarida o‘tkazilgan majburiy auditorlik tekshiruvlari to‘g‘risidagi axborotni xo‘jalik yurituvchi sub’ektning identifikatsiya ma’lumotlarini va auditorlik xulosasini ko‘rsatgan holda e’lon qiladi. Xuddi shunday ma’lumotlar har yili 1 iyulga qadar DSQ saytida joylashtiriladi.

Faoliyat yuritayotgan auditorlik tashkilotlari uchun 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish nazarda tutilgan.

Auditorlarga talablar

Auditor malaka sertifikati:

xalqaro buxgalter sertifikati mavjud bo‘lganda dastlab 5 yillik muddatga beriladi;

xalqaro buxgalter sertifikati mavjud bo‘lganda navbatdagi muddati 10 yilga uzaytiriladi;

10 yildan kam bo‘lmagan uzluksiz auditor ish staji mavjud bo‘lganda keyinchalik malaka imtihonini topshirmasdan muddatsiz davrga uzaytiriladi.

«Buxgalteriya hisobi» yoki «audit» mutaxassisliklari bo‘yicha magistr diplomiga ega bo‘lgan auditor malaka sertifikatini olishga talabgorlar uchun auditorlik tashkilotida 1 yildan kam bo‘lmagan amaliy ish stajiga (shu jumladan, o‘rindoshlik asosida) ega bo‘lgan taqdirda istisno qilinadi.

Hozir Moliya vazirligi bilan kelishgan holda o‘qitish dasturi asosida akkreditatsiya qilingan nodavlat ta’lim muassasalaridan birida o‘qitishdan o‘tishlari talab etiladi va xalqaro buxgalter sertifikati mavjudligi o‘rniga milliy sertifikatga yo‘l qo‘yiladi (Auditor malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomga qarang).

Auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishga talablar

2019 yil 1 yanvardan boshlab ko‘proq auditorlik tashkilotlari davlat korxonalarini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shu sanadan boshlab ustav kapitalida davlat aksiyalari (ulushlari) to‘plami 50%dan ortiq bo‘lgan korxonalarda tashqi auditni o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini Davlat raqobat qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat ichidan tanlov asosida tanlash tartibi bekor qilinadi.

Biroq xo‘jalik yurituvchi sub’ektning (davlat va nodavlat) aynan bitta auditorlik tashkiloti tomonidan ketma-ket 7 yildan ortiq muddatda tekshirilishi taqiqlanadi.

2020 yil 1 yanvardan esa majburiy auditorlik tekshiruvi ostiga tushadigan tashkilotlar ro‘yxati kengaytiriladi. Ularga hisobot yili yakuni bo‘yicha quyidagi 3 ta shartdan bir vaqtning o‘zida ikkitasiga javob bergan tijorat tashkilotlari kiritiladi:

aktivlarning balans qiymati EKIHning 100 ming barobar miqdoridan ortiq bo‘lsa;

mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan tushum

EKIHning 200 ming barobar miqdoridan ortiq bo‘lsa;

xodimlarning o‘rtacha yillik soni 100 kishidan ortiq bo‘lsa.

Auditorlik tekshiruvlari faqat Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi tomonidan nashr etiladigan xalqaro audit standartlari asosida amalga oshiriladi.