O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov 17 sentyabr kuni Toshkentdagi umumta’lim maktablari direktorlari bilan korrupsiyaga barham berish va ta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlab uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar qildi.

Vazir 5 sentyabr kuni davlat rahbarining «Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni imzolanganini eslatib o‘tdi. Ushbu hujjat maktablarga ijara, homiylik, qo‘shimcha to‘garaklar va xizmatlar ko‘rsatish orqali byudjetdan tashqari qo‘shimcha mablag‘ ishlash imkoniyatini ochib berdi. Mablag‘larni o‘qituvchilar va direktorlarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish imkoniyati ham mavjud. Avvallari maktablar o‘zlari qo‘shimcha ishlagan daromadlarining kichik qismini sarflash imkoniyatiga ega edi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarni qonuniy rasmiylashtirishga qiziqish juda sust bo‘lgan.

Xalq ta’lim vazirligi rahbariyatining ta’kidlashicha, maktab direktorlari qonuniy ishlashlari va berilayotgan imkoniyatlardan foydalanishlari lozim. Poytaxt maktablari qolganlar uchun o‘rnak bo‘lish kerakligi aytildi.

Shu bilan birga, talab yuqori bo‘lgan maktablarda bolalarni ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda korrupsiya belgilarini yo‘qotish uchun kelgusi o‘quv yilidan boshlab ushbu maktablarga qabul qilish Adliya vazirligi qoshidagi Davlat xizmatlari agentligining yagona darcha markazi orqali amalga oshiriladi. Bu orqali noqonuniy harakatlarni amalga oshirayotgan rahbarlar va ularning vositachilarining shaxsiy manfaatlari yo‘lidagi harakatlariga chek qo‘yiladi.

Shuningdek, ota-onalar tomonidan talab yuqori bo‘lgan maktablarga tarmoq maktablari tashkil etish huquqi taqdim etiladi. Bu esa maktablarda joy yetishmasligi va korrupsiya omillarining kamayishiga yordam beradi.

Muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan direktorlar ushbu tarmoq maktablari hisobidan ko‘proq mablag‘lar ishlashlari, bu esa maktab pul mablag‘larini moliyalashtirish tizimi («Pul o‘quvchi ortidan keladi» tamoyili)ni samarali joriy etish orqali amalga oshiriladi. Ushbu tizim orqali muvaffaqiyatli maktablar ko‘proq moliyalashtirishga ega bo‘ladi.

Hozirgi kunda Toshkentdagi yuzga yaqin maktablar o‘zlarining loyihaviy quvvatlaridan kam bo‘lgan kontingent bilan ishlayotgani, ularning direktorlari ta’lim berishni sifatli darajada yo‘lga qo‘yaolmayotgani va ota-onalar farzandlarini bunday maktablarga yuborishdan manfaatdor emasligi aytib o‘tildi. Vaholanki, o‘z faoliyatini samarali tashkil etgan maktablarda esa joy yetishmovchiligi mavjud va ta’lim bir necha smenada tashkil etilgan. Shuningdek, maktab direktorlariga o‘zlari rahbarlik qilayotgan muassasalarda ta’lim berish bo‘yicha xizmatlarning samaradorligini oshirish vazifasi yuklatildi. Agar vaziyat o‘zgarmasa, past ko‘rsatkichli maktablar muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan maktablarning filialiga aylantirilishi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, maktab direktorlari turli maqsadlar uchun noqonuniy pul yig‘imlarga chek qo‘yishlari lozim. Uchrashuv davomida vazirlik yaqin kunlarda maktablarda on-layn to‘lov tizimlari orqali homiylikni yangi mexanizmlarini ishga tushirilishi, ushbu tizm orqali maktab direktorlari muvaffaqiyatga erishgan bitiruvchilarini o‘z maktabiga yordam berish maqsadida homiylik mablag‘larini jalb etishlari mumkinligi aytib o‘tildi.