GM Uzbekistan kompaniyasi 24 avgustda mashinalar sotish qayta tiklanganidan boshlab avtomobillarni yetkazib berish uchun tuzilayotgan shartnomalarning kunlik miqdorini 6,6 barobarga oshirdi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda yanvar-iyulda kuniga o‘rtacha 489 ta shartnoma imzolangan bo‘lsa, sentyabrda bu ko‘rsatkich 3351 taga yetdi.

Joriy yilda jami bo‘lib 220 mingta avtomobilni yetkazib berish rejalashtirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 157 foizga ko‘p demakdir. Avgustda 16,8 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘rtacha ishlab chiqarish hajmi avvalgi oylarga nisbatan 120 foizga oshgan. Sentyabrda esa 23,3 mingta mashina ishlab chiqarish mo‘ljallangan.

«O‘zavtosanoat» rahbari bugungi kunda Asakadagi avtomobil zavodi kuniga 22 soat davomida to‘liq quvvat bilan faoliyat ko‘rsatmoqda. Bungacha esa u kuniga 8−11 soatdan ishlagan.

2018 yil yakunlari bo‘yicha xaridorgir avtomobillarga bo‘lgan talabni qondirish uchun Damas/Labo modellarini ishlab chiqarishni 1,5 barobarga — 41,1 mingtaga oshirish rejalashtirilgan. Malibu modelini ishlab chiqarish esa oktyabrdan oyiga o‘rtacha 5 barobarga, noyabrdan 10 barobarga oshirilib, 194 tadan 2200 taga yetkaziladi.

Avtomobillarni sotishdan tushayotgan pul mablag‘lari hajmi 3,1 barobarga ortib, yanvar-iyuldagi kunlik 41,7 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, sentyabrda 126,5 mlrd so‘mga yetdi.

Shavkat Umurzoqov kompaniyaning birinchi galdagi vazifalaridan biri avtomobillar tannarxini tushirishdan iborat ekanini ta’kidladi. «Bugun bitta avtomobil uchun xarajatlarni 10 foizga kamaytirishga erishildi. Yana 10−15 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqdamiz, — dedi u.

Yaqinda kompaniya mobil punktlar orqali avtomobil xarid qilish uchun shartnomalarni imzolash xizmatini ishga tushirdi. Ular turli sabablarga ko‘ra avtosalonlarga tashrif buyura olmaydiganlar mijozlarga xizmat ko‘rsatadi.

2 sentyabrdan esa mamlakatdagi barcha ikkilamchi avtomobil bozorlarida «Ochiq havodagi avtosalon"lar ish boshladi. Ushbu «avtosalon"larga qo‘yilgan avtomobillarni shu yerning o‘zidan xarid qilish mumkin, ular yonida esa kassalar va valyuta ayirboshlash punktlari ochildi.

GM Uzbekistan saytida avtomobillarni sotish bo‘limi ishga tushirishib, unda arizalar to‘g‘risidagi kunlik ma’lumotlar e’lon qilib borilmoqda.

«O‘zavtosanoat» rahbari avgustning so‘nggi haftasida 6393 ta soxta ariza o‘chirilganini ma’lum qildi. Bunga qadar esa kuniga o‘rtacha 30 ta soxta ariza o‘chirilgan. Bundan tashqari, 2057 nafar arizachi shartnomani imzolash uchun tashrif buyurmagan, ularning ham arizalari o‘chirilgan.