O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 sentyabr kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan AQSHning xalqaro diniy erkinlik sohasida alohida topshiriqlar bo‘yicha elchisi Samuel Braunbekni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston inson salohiyatini rivojlantirish, shu jumladan, diniy erkinlik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi konstruktiv muloqotga muhim ahamiyat qaratayotganini qayd etdi. Prezident O‘zbekistonning din sohasidagi siyosati barcha konfessiya vakillari uchun teng sharoitlar yaratishga asoslanganini ta’kidladi.

Prezident O‘zbekiston barchaning ta’lim olishiga keng imkoniyat yaratish, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, vijdon va din erkinligi hamda e’tiqod qiluvchilarning boshqa huquqlarini himoya qilishga qaratilgan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli BMT Bosh assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surganini so‘zlab berdi.

Samuel Braunbek samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, AQSH O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng miqyosli o‘zgarishlarni yuqori baholashi va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Mamlakat diniy erkinlik va inson huquqlarini ta’minlashda katta muvaffaqiyatlarga erishgani alohida qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali, xususan, mamlakatda fuqarolik jamiyati institutlarini mustahkamlash, bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirildi.