Moddiy manfaat ilinjida ichki ishlar xodimining xizmat kiyimini kiyib, firibgarlikka qo‘l urgan fuqarolar Bekzod Odilbekov va Anvarxo‘ja Shoisayev qo‘lga olindi. Bu haqda «Toshkent» telekanalidagi «Poytaxt vaziyat» dasturida ma’lum qilindi, deyiladi O‘zA xabarida.

Ular oson pul topish maqsadida joriy yilning 28 fevral kuni soat 16:30 larda Toshkent shahar Mirobod tumani hududidagi «Bolajon» istirohat bog‘iga kelishadi va shu yerda sayr qilib yurgan Hakimov hamda Yusupovaning oldiga borib, ularni so‘roqqa tutadi. Maqsad, po‘pisa qilish orqali pul ishlab olish edi. Aynan shuning uchun jamoat joyida behayo harakatlarni sodir etganlik bilan tuhmat qilib, bu haqda ular yashaydigan mahallada muhokama qilmaslik evaziga pul talab qilishadi.

Jabrlanuvchilar murojaati bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining tezkor tadbirlari o‘tkazildi. Natijada Adilbekov va Shoisayev 80 ming so‘m miqdordagi pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi (tovlamichilik, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib, mulkiy manfaatlar berishni talab qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.