AQSH O‘rmon xizmati, O‘zbekiston O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi va Green World Future NNT Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi So‘qoq qo‘riqxonasida uch kun davomida seminarlar tashkil etdi.

O‘rmon xo‘jaligi bo‘yicha ekspertlar Liya Lord, Otom El va Metyu Fillips parkni rivojlantirish, jumladan dam olish joylarini loyihalashtirish, so‘qmoqlar dizayni va reabilitatsiyasi, tabiat qo‘ynidagi ta’lim imkoniyatlari hamda loyihalarda mahalliy aholining ishtiroki to‘g‘risida seminarlar tashkil etdi, deya xabar qildi AQSHning Toshkentdagi elchixonasi.

«Tashkilotimiz o‘z parklarini qanday boshqarayotgani o‘rganishga qiziqish bildirgan Zomin va Ugom-Chotqol milliy bog‘lari kabi tan olingan parklarning o‘rmonchilari va mutaxassislari bilan tajriba almashganimizdan mamnunmiz», — dedi dasturlar menejeri Liya Lord.

AQSH O‘rmon xizmati turli mamlakatlarda o‘rmonlardan barqaror foydalanish va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha xalqaro dasturlarni amalga oshiradi.