So‘nggi bir hafta ichida majburiy mehnatga jalb qilish holati bo‘yicha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining ishonch tarmoqlariga fuqarolardan 110 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Bugungi kunda mazkur murojaatlar Davlat mehnat huquq inspektorlari tomonidan o‘rganilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Xususan, Namangan shahar Obodonlashtirish boshqarmasi Davlatobod bo‘limi boshlig‘i Habibullo Zokirovning bo‘lim xodimlaridan paxta yig‘im-terimiga borish yuzasidan rozilik xatlarini majburiy tarzda yozdirib olgani aniqlangan va shunga muvofiq, H.Zokirov O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga ko‘ra eng kam oylik ish haqining 1 barobari, ya’ni 184 300 so‘m mikdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Xuddi shunga o‘xshash holat Toshkent viloyatida ham kuzatildi. Qibray tumani DSENM rahbari Abdusamat Qurbanov majburiy tarzda Qibray tumanida joylashgan 53 ta xususiy korxonalardan paxta yig‘im-terimiga terimchi topib berishni talab etgan. Shu haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining @mehnathuquqbot telegram tarmog‘iga anonim yo‘llangan murojaatga asosan tekshirish ishlari o‘tkazildi va A.Qurbonovga nisbatan eng kam oylik ish haqining 1 barobari miqdorida jarima puli tayinlandi.

Navoiy viloyati Navbahor tumani «Jambul» nasos stansiyasi bo‘lim boshlig‘i Marat Azimov bo‘lim xodimlaridan birini majburiy mehnatga jalb qilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, ma’muriy javobgarlikka tortildi.

Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ergashev A. tomonidan yakka tartibdagi tadbirkorlarni paxta terishga majburlaganligi aniqlandi. Shuningdek, o‘rganish jarayonida murojaatchining bergan tushuntirish xatida paxta terimiga soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan majburlaganligi ko‘rsatilgan. Tekshiruvlar natijasida, Paxtakor tumani Davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Ergashev A. ga majburiy mehnatga jalb qilgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasiga asosan, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boladi.

Hududlar bo‘yicha eng ko‘p murojaatlar Toshkent (22 ta murojaat), Farg‘ona (19), Qoraqalpog‘iston (16), Andijon (16), Samarqand (16) viloyatlaridan yuborilgan. Shuni ham ta’kidlash joizki, murojaatlarning 20 dan ortig‘ida majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlanmagan. Qolgan murojaatlar bo‘yicha joylarda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Vazirlik O‘zbekiston hududida har qanday shakldagi majburiy mehnat taqiqlanishi va bunga aslo yo‘l qo‘yilmasligini eslatib o‘tdi. «Agar majburiy mehnatga jalb qilish holatiga duch kelsangiz, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining @mehnathuquqbot telegram tarmog‘i yoki +99871 200−06−01 ishonch telefon raqamlariga murojaat qiling!» — deyiladi murojaatda.