18 avgust — 2 sentyabr kunlari Indoneziya Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qildi. An’anaga ko‘ra, musobaqa nihoyasiga yetgach, oradan ma’lum vaqt o‘tib Paraosiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi Paraosiyo o‘yinlari 6−13 oktyabr kunlari o‘tkaziladi. Unda o‘zbekistonlik paralimpiyachilar ham ishtirok etishi rejalashtirilmoqda.

18 sentyabr kuni O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasida Indoneziyadagi Paraosiyo o‘yinlariga rasmiy kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Paralimpiya assotsiatsiyasi rahbariyati yaqinlashib kelayotgan o‘yinlarda ishtirok etuvchi sportchilarimiz va ularning murabbiylari hamda ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov so‘zga chiqib, Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish navbati paralimpiyachilarimizga kelgani haqida gapirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘ini MOQ Prezidenti va O‘zbekiston Paralimpiya assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov terma jamoamiz a’zosi Husniddin Norbekovga tantanali ravishda topshirdi.

Yakunda paralimpiyachilarning kuchiga-kuch, g‘ayratiga-g‘ayrat qo‘shish maqsadida xonanda Lola tomonidan ishlangan yangi «Bir jamoa» videoklipi namoyish etildi. Bungacha Milliy olimpiya qo‘mitasida ushbu klipning taqdimot marosimi o‘tkazilgandi.

Eslatib o‘tamiz, III Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk marotaba 54 nafar sportchi bilan ishtirok etadi. Hamyurtlarimiz sportning beshta turi: pauerlifting, dzyudo, o‘q otish, suzish va yengil atletika bo‘yicha bahslarda o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi. Bu safar O‘zbekiston delegatsiyasi II Paraosiyo o‘yinlariga qaraganda ikki barobar ko‘p sportchi bilan ishtirok etadi. Taqqoslash uchun to‘rt yil oldin Incheondagi o‘yinlarda 27 nafar paralimpiyachimiz yurtimiz sharafini himoya qilgandi.