Joriy yilning 11 -15 sentyabr kunlari Marg‘ilon shahrida «Atlas bayrami» an’anaviy to‘qimachilikning to‘rtinchi festivali bo‘lib o‘tdi. Festival Farg‘ona viloyati hokimiyati va Marg‘ilon shahri hokimiyati, Marg‘ilondagi Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi, YUNESKOning O‘zbekistondagi Vakolatxonasi, O‘zbekistonning YUNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazirligi, Islom Karimov nomidagi Respublika hayriya jamoatchilik fondi, «Hunarmand» uyushmasi, DVV International tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Markaziy-osiyo xalqaro tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish Davlat qo‘mitasi, Ucell uyali aloqa operatori, Grant Thornton advokatlik firmasi, Oxus Culture, shuningdek axborot hamkorlari bo‘lmish Nodavlat elektron OAV milliy agentligi hamda «Yangi fazo asri» media agentligi ko‘magida tashkil etildi.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari — janob Dandev Badarch quyidagilarni ta’kidladi: «Atlas bayrami» festivalining asosiy maqsadi — O‘zbekistonning boy nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish va ommalashtirish, hamda O‘zbekistonda an’anaviy hunarmandchilikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Shuningdek festival an’anaviy mahsulotlar dizayni va sifatini takomillashtirish, hamda mintaqa bilan yaqin tanishish uchun sayyohlarini jalb etishga o‘z hissasini qo‘shadi. Bundan tashqari, festival yoshlar va ayollarga an’anaviy hunarmandchilik sohasida yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratadi, shu bilan birga aholining iqtisodiy va ijtimoiy farovonligini takomillashtirish yo‘lga qo‘yadi".

Bundan tashqari, festival insonlarni birlashtiribgina qolmay, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda va rivojlantirishda platforma vazifasini o‘tadi. Shuningdek tadbir, O‘zbekiston hududida barqaror turizmni rivojlantirib, xabardorlikni, ayniqsa yoshlar orasida nomoddiy madaniy merosning qay darajada muhim ekanligi va uni saqlash yo‘lidagi bilimini oshirdi.

An’anaviy hunarmandchilikni saqlab qolish, ommalashtirish va rivojlantirish butun Markaziy Osiyo mintaqasi va Yevropa uchun ham muhimdir. Shu munosabat bilan ushbu festival o‘z geografik chegaralarini kengaytirib Ispaniya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Mongoliya, Tojikiston, Rossiya, Fransiya va yana boshqa davlatlarni ishtirok uchun chorladi. Ushbu mamlakatlarning ustalari, rassomlari va mutaxassislarining ishtiroki festivalni boyitadi, ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatini beradi, hamda madaniyat orqali Markaziy Osiyoda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shadi. Mintaqaning rang barang an’ana va uslublari, dizayn, texnika va g‘oyalari bilan yaqindan tanishish hamda mutaxasislarga festival mehmonlari bilan tajriba almashish imkoniyati taqdim etildi.

To‘rtinchi festivalning dasturini an’anaviy kashtachilik, kigiz to‘qimachiligi, an’anaviy kashtachilik qo‘llanilgan moda dizayni, shuningdek, hunarmandchilik sohasida moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik bo‘yicha 11−13 sentabr kunlari yosh hunarmandlar uchun amaliy mashg‘ulotlar ochib berdi. 60 ga yaqin yosh hunarmandlar va dizaynerlar kelgusida qo‘l keladigan, ya’ni asrlar osha davom etib kelayotgan va zamonaviy ko‘rinish kasb etgan mahorat darslari: milliy naqshlar, matolar va tabiiy bo‘yoqlardan tortib, madaniy mahsulotni va internet hamda ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etishni qamrab olgan.

12−13 sentabr kunlari festival doirasida «Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab YUNESKOning interaktiv atlasi» loyihasi doirasida Buyuk Ipak yo‘li an’anaviy to‘qimachiligi mavzusida ekspertlar kengashi o‘tkazildi. Ipak bo‘yicha yetakchi mutaxasislar YUNESKOning ushbu kengashida ishtirok etish taklifini qabul qildilar.

Shuningdek, festivalda YUNESKOning tinchlik yo‘lidagi elchisi, san’at arbobi, to‘qimachilik va an’anaviy hunarmandchilik bo‘yicha mutaxasis, dunyoga taniqli dizayner Bibi Rassel xonim ishtirok etdi. 2018 yil davomida u yosh dizaynerlar uchun mahorat darslari o‘tkazdi. Mahorat darslari natijalari festival doirasida namoyish etildi.

Festivalni gala konsert va O‘zbekistonning taniqli hamda chet eldan tashrif buyurgan dizaynerlar defilesi yopib berdi.