Italiya poytaxti Rim shahrida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosining 68-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham faol ishtirok etyapti. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Sessiyada tibbiyot sohasida global darajadagi masalalar atroflicha ko‘rib chiqilmoqda. Chunonchi, ekologiyaning dunyo xalqlari salomatligiga ta’siri, oziq-ovqat standartlari, birlamchi tibbiy yordamning o‘rni hamda turli yuqumli kasalliklarning oldini olish, shuningdek, dori-darmon narxlari, tamaki va alkogol iste’molining zararlari, jismoniy faollikning ahamiyati, semirishning oqibatlari keng muhokama etilmoqda.

Tadbir doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Gebreyesus bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida yurtimizda so‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimidagi ijobiy o‘zgarishlar, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar darajasining oshirilayotgani, shuningdek, sohada qabul qilinayotgan me’yoriy hujjatlar, istiqboldagi reja va dasturlar haqida ma’lumot berildi.

O‘z navbatida Tedros Gebreyesus ham aholi salomatligini asrashni asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilash bu kelajak avlodlar kamolga yetishining eng to‘g‘ri yo‘li ekanligini ta’kidladi. Bu sog‘lom jamiyat barpo etish va har tomonlama barkamol shaxsni voyaga yetkazish kafolatidir. Shu ma’noda, O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar g‘amxo‘rlikning barcha zarur jihatlarini qamrab olganligi bilan ko‘plab mamlakatlarga namuna bo‘lishini e’tirof etdi. Shuningdek, u JSST va O‘zbekiston o‘rtasida mamlakat manfaatlarini himoya qiluvchi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyor ekanini hamda O‘zbekistonga amalga oshirilajak tashrifni intiqlik bilan kutayotganini bildirdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya, Belarus, Turkiya, Qozog‘iston, Armaniston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston hamda Tojikiston davlatlarining delegatlari bilan ham kelgusida hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda istiqbolli rejalar xususida ikki tomonlama samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.

Sessiya ishi davom etmoqda.