Respublika bo‘ylab O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari huzurida 130 dan ortiq Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari (shelter) tashkil etildi. Bu haqda Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmat xabar qildi.

Mazkur markazlar O‘zbekiston prezidentining «Ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashtirish, shuningdek, oilaviy-maishiy zo‘rlik ishlatishning oldini olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq xalqaro tajribalarga tayangan holda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarga manzilli, o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish va ularni himoya qilish, o‘z joniga qasd qilishga moyil xulq-atvor paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish kabi ishlarga yo‘naltirilgan.


Qarorga muvofiq, Xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar uchun shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, zarurat bo‘lganda, ularga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish ishlarini tashkil etish uchun mo‘ljallangan respublika doirasida yagona qisqa raqamli «1146» «ishonch telefoni» ishga tushirildi. Bunda murojaatchi istagiga ko‘ra, uning shaxsi va murojaati sir saqlanishi kafolatlanadi.

5 sentyabr kuni tashkil qilingan «Ishonch telefonlari"ga 74 ta qo‘ng‘iroq amalga oshirilgan hamda barcha murojaatchilarga tegishli yordamlar ko‘rsatildi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi kelgusida mazkur markazlar qoshida Kovorking markazlarni tashkil etishni ham ko‘zda tutmoqda. Unda og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarni kasbga o‘qitish xamda ularning bandligini ta’minlash ishlari amalga oshiriladi.

Hududiy markazlarga metodik yordam ko‘rsatish, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Respublika markazi ham tashkil etilib, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.