O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirligining 2018 yil 15 sentyabrdagi sonli buyrug‘iga asosan Odilbek Rustamovich Isoqov O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining maslahatchisi, moliya vazirligining davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Xorijda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistonlik mutaxassislar, ayniqsa men kabi Buyuk Kelajak xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti ekspertlari uchun yurtimizning ildam qadamlar bilan dunyoga ochilayotgani juda quvonarlidir. Vatanimiz ravnaqi yo‘lida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ishtirok eta olish huquqi menga taqdim etilganligidan juda xursandman.

O‘zining mustaqil Xalqaro kredit reytingini olish va jahon moliya bozorida o‘zining ilk suveren Yevrobondini chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston hukumati tomonidan qabul qilgan qaror — bu chin ma’noda tarixiy qadam bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur qadamimiz vatanimizning iqtisodiy va investitsion salohiyatini butun dunyoga ochiqligini, islohotlarni esa fiskal va monetar intizom bilan davom ettirishga undaydi deb ishonaman.

Bu borada, davlat qarzini samarali boshqarishni tashkil etish ma’suliyati menga ishonib topshirilgan ekan, men bu ishonch uchun davlatimiz va moliya vazirligi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

So‘zim so‘nggida, xorijidagi malakali hamyurtlarimizni ham O‘zbekistonga chorlayman!" — Odilbek Isoqov

Odilbek Isoqov 1981 yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, 1998−2000 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olgan.

Buyuk Britaniyadagi Manchester metropolitan universitetining biznes iqtisodiyoti bo‘yicha bakalavri (BA in Business Economics), Stratklayd universitetining moliya bo‘yicha magistr (MSc in Finance) darajalariga hamda malakali moliyaviy tahlilchi (CFA — Chartered Finance Analyst) kvalifikatsiyasiga ega.

Odilbek Isoqov dunyoning eng yirik banklaridan biri HSBC bankidagi 12 yillik mehnat faoliyati davomida Rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha investitsiya bankiri sifatida tajriba orttirgan. Markaziy va Sharqiy Yevropa, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari va davlat tashkilotlari uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar (obligatsiyalar, kredit notalar) chiqarishni va banklar sindikatidan kredit olishni tashkil etish bilan shug‘ullangan. 2011 yildan beri umumiy qiymati 115 milliard AQSH dollaridan ortiq 70 dan ortiq muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalarni boshqargan.

2016 yil mart oyidan hozirgacha HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan.

Nufuzli «GlobalCapital» nashrining «Jahon moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha eng yaxshi bankir» unvoni uchun 3 karra nominatsiya sazovori bo‘lgan.